Sud tizimida korrupsiyaga qarshi murosasizlik: komplayens nazorat va raqamli transformatsiya
Yangi farmon
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon sohada butkul yangi davrni boshlab berishi bilan ahamiyatli bo‘ldi deyish mumkin. Xususan, 2026-yilda sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha e’lon qilingan “favqulodda holat” sud organlari oldiga kechiktirib bo‘lmas, keskin va tizimli vazifalarni qo‘ydi.
Ushbu farmon nafaqat jinoyatchilik oqibatlari bilan kurashish, balki sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, baholash va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni tag-tomiri bilan bartaraf etishning zamonaviy mexanizmi sanalgan komplayens nazorat tizimini to‘liq muhitga singdirishni nazarda tutadi.

Buni quydagi yondashuvlar misolida ham ko‘rish mumkin. Birinchidan, sudlarda zamonaviy komplayens nazorat tizimini joriy etish orqali tizimdagi har bir bo‘g‘inni korrupsiyaviy xavf-xatarlardan barvaqt bartaraf etish maqsad qilingan. Ikkinchidan, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishni mutlaqo shaffoflashtirish, ularni faqat salohiyati, iqtidori va kasb sifatlari asosida xizmat pillapoyalaridan ko‘tarib borish (meritokratiya) tizimini yaratish ko‘zda tutilgan. Uchinchidan, sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va sudning nufuzi va obro‘sini oshirish, sud organlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning chinakam ko‘makchisiga aylantirish belgilangan.
Shuningdek, farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashishning sub’ektlar bo‘yicha aniq chegarasi va mas’uliyati belgilab berildi. Unga ko‘ra, sud apparati hamda Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti xodimlariga yangi tashkil etilayotgan, mustaqil va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmati mas’ul sifatida belgilandi.
Buning uchun Oliy sud apparatida 3 ta shtat birligidan iborat markaziy Komplayens nazorat xizmati, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida markazga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunadigan jami 15 ta komplayens nazorat bo‘yicha inspektor lavozimlari joriy etildi. Inspektorlarning mahalliy sud raislariga emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunishi ularning mustaqilligini ta’minlash va joylardagi mahalliychilik yoki ma’muriy bosimlardan himoya qilishning eng oqilona yechimi bo‘ldi.
Komplayens nazorat xizmatining asosiy vazifalari sirasiga sud apparati faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, xodimlar tomonidan kasb etikasi va qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, ushbu xizmat xodimlar va ularning oila a’zolari daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini yuritadi. Pora taklif qilish holatlari haqida xabar berishning xavfsiz kanallarini yaratish va korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarni xalqaro standartlar asosida himoya qilish ham ushbu xizmatning diqqat markazida bo‘ladi.
Sud apparati xodimlarining kasbiy mas’uliyati va maqomini oshirish maqsadida mansab darajasiga ega bo‘lgan xodimlar uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimining joriy etilishi ham ularning jamiyat oldidagi mas’uliyatini vizual va ruhiy jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, farmon bilan sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish va ularning mehnat faoliyati bilan bog‘liq muhim cheklovlar o‘rnatilmoqda. Birinchi navbatda, muqaddam korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar tizimga umuman ishga qabul qilinmaydi. Shuningdek, notarius, advokat, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ faoliyatida nojo‘ya xatti-harakatlari uchun lavozimdan bo‘shatilgan shaxslarni uch yil mobaynida ishga qabul qilish taqiqlanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning yeng samarali usuli bu inson omilini maksimal darajada kamaytirish va jarayonlarni raqamlashtirishdir. Farmon ijrosi doirasida 2026-yil yakuniga qadar sud tizimida inson resurslarini boshqarish mutlaqo elektron shaklga o‘tkaziladi. Xususan, bo‘sh ish o‘rinlarini e’lon qilish va nomzodlarni saralash jarayonini avtomatlashtiruvchi “vacancy.sud.uz” portali hamda kadrlar ma’murchiligini tizimlashtiruvchi “SudHR” elektron platformasi ishlab chiqiladi. Nomzodlarni tanlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilishi xolislikni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bundan tashqari, sud mustaqilligi va adolat mezonini ta’minlashda sud ishlarining sudyalar o‘rtasida to‘g‘ri va xolis taqsimlanishi markaziy ahamiyatga ega. Shu bois, farmonda Oliy sud zimmasiga sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturini yanada takomillashtirish vazifasi yuklatilgan. Endilikda ishni bir sudyadan boshqa sudyaga asossiz ravishda o‘tkazish holatlariga butunlay chek qo‘yiladi, taqsimlash va qayta taqsimlash mezonlarining asoslari belgilanadi.
Xulosa qilib aytganda, sudlar faoliyatida komplayens nazorat tizimining yo‘lga qo‘yilishi, jarayonlar raqamlashtirilishi va inson omilining cheklanishi yaqin yillarda sud hokimiyatining xalqchil, shaffof va adolatli tizimga aylanishini ta’minlaydi. Sudlarda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish nafaqat davlat organlari, balki butun jamiyatning vazifasidir. Mazkur islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi esa Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson qadrining ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA