Sud raislari sayyor qabul o‘tkazdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari raislari tomonidan Beruniy tumanida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlaridan kelgan fuqarolarning sud-huquq sohasiga oid murojaatlari qabul qilinib, atroflicha ko‘rib chiqildi. Sayyor qabulning asosiy maqsadi aholini qiynayotgan masalalarni joyida o‘rganish, fuqarolarning sud himoyasiga bo‘lgan huquqini ta’minlash hamda ularga qonuniy va huquqiy tushuntirish berishdan iborat bo‘ldi.
Qabul davomida fuqarolar tomonidan, asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan tayinlangan jazoni yengilrog‘iga almashtirish, ishga tiklash, uy-joy va yer uchastkalariga oid kadastr masalalari, aliment undirish, shuningdek, ijro hujjatlari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat bildirildi.

Sud rahbarlari har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, amaldagi qonunchilik normalari asosida tegishli huquqiy tushuntirish berdilar. Shu bilan birga, murojaatchilarga sud qarorlari bilan bog‘liq masalalar faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, tegishli sud instansiyalarida ko‘rib chiqilishi, bunday jarayonlar muayyan muddat va vaqt talab etishi batafsil izohlab berildi.

Sayyor qabul jarayonida fuqarolarning murojaatlariga yechim topish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sud-huquq tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Bunday sayyor qabullar aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, sud tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish hamda fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari tomonidan bu kabi tadbirlar muntazam davom ettirib kelinmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri