Sud mutasaddilari advokatlar bilan uchrashdi
Surxondaryo viloyat sudida viloyat ma’muriy sudi raisi Rahmatilla G‘ulomov, viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari Odil Normahmatov, Bahodir Jumayev va Jamshid Homidovlar Advokatlar palatasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Ahmad Qayumov ishtirokida vohadagi advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 88-maqsadida advokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.


Ochiq muloqotda ham mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar malakali va bilimli advokatlar safini sezilarli darajada kengaytirib, jismoniy hamda yuridik shaxslarning himoya huquqini munosib ta’minlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.


Bu jarayonda fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari kuchaytirilayotgani aholining odil sudlovga erishish darajasini oshirib, sud hokimiyati mustaqilligini, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.


Uchrashuvda sud jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarni ishonchli hamda malakali himoya huquqi bilan ta’minlash chog‘ida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan fikr almashildi. Mavjud muammolarning yechimlari, odil sudlovga erishishda advokatlarning o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, sud majlislarida tortishuv tamoyiliga to‘liq rioya etish kabi muhim masalalar atroflicha muhokama etildi. Advokatlarning taklif va fikr-mulohazalari tinglandi. Sudlar va advokatura instituti vakillarining ochiq muloqotini tegishli tartibda o‘tkazib turishga kelishildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri