Sud ishlarini ko‘rishda prokuror ishtiroki kengayadi
Sud ishlarini yuritishda taraflarning tortishuvi prinsipini yanada aniqlashtirish maqsadida qonunchilikka yangi me’yorlar kiritilmoqda.
Davlat manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash borasida sudlar tomonidan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni ko‘rishda prokurorning ishtirokiga, shuningdek, ishlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilishga taalluqli protsessual normalar ham oydinlashtirilmoqda.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlarda ishlarni ko‘rishda prokurorning vakolatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Qonun bilan prokuror davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq ishlarda ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, prokuror fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga davlat manfaatlarini himoya qilishga aloqador masalalar yuzasidan ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prokuror sud majlisi vaqti va joyi to‘g‘risida belgilangan tartibda xabardor etilmagan bo‘lsa, prokuror ushbu ishlarni suddan talab qilib olib o‘rganishi hamda ular bo‘yicha protest keltirishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish borasidagi faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA