Sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida sud-huquq sohasiga oid muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Senatorlar “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni dastlabki tarzda muhokama qildi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar mahalliy kengashlar faoliyatida boshqaruvni yanada samarali tashkil etish maqsadida kengash raisi o‘rinbosari lavozimi va kengash rayosati institutini joriy etish zarurati bilan izohlanadi.
Qonun bilan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining kengash deputatlari savollariga javoblarini eshitish bo‘yicha “Kengash soati” instituti joriy qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, sudga hurmatsizlik qilish hollarining oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun javobgarlik choralarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan tegishli kodekslarga sud ishlarini hal etishga aralashganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirish, sud binosida tartibni buzish tarzida sudga hurmatsizlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralarini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Senatorlar “Sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunni ham muhokama qildi.

Bugungi kunda sudyalarning va sud apparati xodimlarining moddiy ta’minoti, sudlar faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan ta’minlash uchun xarajatlar bo‘yicha ayrim muammolar yuzaga kelmoqda.
Qonunda sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy prinsiplari, moliyalashtirish manbasi va asosi, mablag‘larni taqsimlash va tasarruf etish, shuningdek, sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik va boshqa qator masalalar nazarda tutilgan.
Majlisda 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilangan. Xususan, o‘tgan yilda ustuvor etib belgilangan 20 ta reytingning 12 tasida O‘zbekistonning o‘rni yaxshilandi.
Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston o‘z reytingini 2 pog‘onaga yaxshilab, 81-o‘ringa ko‘tarilgan. Shu bilan birga, indeks tarkibidagi 8 indikatordan 2 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari biroz pasaygan.
Hokimiyat organlari vakolatlarining cheklanganligi indikatorida O‘zbekiston 114-o‘rinni egallagan (2024-yilda 116-o‘rin). Korrupsiyaning mavjud emasligi indikatorida esa O‘zbekiston 67-o‘rinni egallagan (2024-yilda 68-o‘rin). Hokimiyat institutlarining ochiqligi indikatorida mamlakatimiz 120-o‘rinni egallagan. Qonunlarga rioya qilish indikatorida esa 100-o‘rinni egallagan.
Majlis davomida ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash samaradorligini oshirish, pasayish kuzatilgan va o‘zgarishsiz qolayotgan xalqaro reytinglar va ularning tarkibiy indikatorlaridan kelib chiqib, islohotlarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlarining ijro holati ham ko‘rib chiqildi.
Muhokama davomida senatorlar, mas’ul vazirlik va idoralar vakillari tomonidan kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr va mulohazalar bildirilib, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA