Sud hujjatlari ijrosi nazoratda
Yurtimizda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, sud hokimiyatining nufuzi va ta’sirchanligini kuchaytirish maqsadida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosining samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni esa bu borada huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatga asosan Majburiy ijro byurosining tumanlararo ixtisoslashtirilgan ijro bo‘limlari tashkil etilgan. Jumladan, byuroning Navoiy tumanlararo bo‘limi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari asosida berilgan qarzdor jismoniy shaxslardan ma’muriy jarimalar, soliq qarzi va davlat bojini undirish qarzdorlarning yashash joyi yoki mol-mulki turgan joyga bormagan holda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali masofadan turib amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari asosida berilgan 6 ming 500 nafarga yaqin qarzdor jismoniy shaxslardan 2 milliard 700 million so‘m ma’muriy jarimalar, soliq qarzi va davlat bojlari undirildi.
Birgina misol. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2023 yil 11 fevraldagi qarzdor M.S.dan 14 million so‘m soliq qarzini undirish haqidagi ijro hujjati yuzasidan davlat ijrochisi qarzdor bilan “CALL CENTR” orqali bog‘lanib, uning huquq va majburiyatlari tushuntirilgach, qarzdor tomonidan soliq qarzi to‘liq qoplandi.
Viloyatda Majburiy ijro byurosining tumanlararo ixtisoslashtirilgan ijro bo‘limlari tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA