Sud hokimiyatida kadrlar bilan ishlash tizimi takomillashtirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Rahbar kadrlarni baholash markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va Odil sudlov akademiyasi mas’ullari ishtirokida taqdimot o‘tkazildi.
Unda sud hamjamiyati vakillari davlat xizmatida professional kadrlar korpusini shakllantirish, ularni baholash va rivojlantirish bo‘yicha joriy etilgan zamonaviy tizim bilan tanishtirildi.
Ma’lumot uchun, davlat xizmatchilarini baholash jarayoniga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish natijasida ilgari rahbarlikka bir nafar nomzodni o‘rtacha 7 soat davom etgan assessment baholash jarayoni hozirgi kunda 80 daqiqani tashkil etmoqda.

Endilikda sudyalar korpusi vakillariga nomzodlar tanlashda raqamli texnologiyalar, xususan sun’iy intellektni qo‘llash, tuman sudi sudyalari va xodimlari uchun davlat boshqaruvi, raqamlashtirish va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida mahalliy va xorijiy stajirovkalar tashkil etiladi.
"El-yurt umidi", JICA, KOICA va boshqa xalqaro stipendiya dasturlari orqali xorijda o‘qigan istiqbolli kadrlar sud organlariga jalb etiladi.
Prezident maktablarini bitirib oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan va tamomlaganlarning “ustoz-mentoring” tamoyili asosida sud organlari faoliyatida amaliyotlari tashkil etiladi hamda ishga yo‘naltiriladi.
Davlat boshqaruvi tizimi va sud hokimiyati organlari o‘rtasida yangi avlod kadrlarini shakllantirish va istiqbolli rahbarlarni aniqlashga qaratilgan TOP-100 tanlov dasturini amalga oshiriladi.
N.Abduraimova,
O‘zA