Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Dohadagi Global xavfsizlik forumida ishtirok etdi
19–21-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Doha shahrida (Qatar) bo‘lib o‘tgan VIII Global xavfsizlik forumida (Global Security Forum 2026) ishtirok etdi.
2018-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan forum davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, ekspert-tahliliy hamjamiyat va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirdi. Bu yil tadbirda 100 dan ortiq mamlakatdan yuqori martabali davlat arboblari, maxsus xizmatlar rahbarlari, harbiylar, diplomatlar va ekspertlar qatnashdi.
Tadbirda Pokiston ichki ishlar vaziri Sayyid Mohsin Rizo Naqvi, Ispaniya ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska Gomes, Kipr adliya vaziri Kostas Fitiris, BMT Bosh kotibining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Yanin Hennis-Plasxert, Kanada Vazirlar Mahkamasi kotibining milliy xavfsizlik va razvedka masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dominik Roshon, Ispaniyaning tashqi va global ishlar bo‘yicha davlat kotibi Diyego Martines Belio, AQSHning Turkiyadagi elchisi va AQSH Prezidentining Iroq hamda Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas J. Barrak ishtirok etdi.

Forum ishida Interpol rahbariyati, NATO, Yevropa Ittifoqi, Ukraina, Suriya, Iroq, Liviya va yetakchi tahliliy markazlar vakillari ham qatnashdi.
Global kuchlar muvozanati o‘zgarib, geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan sharoitda xalqaro ittifoqlar va sheriklik munosabatlarining kelajagi forumning asosiy mavzusi bo‘ldi. Muhokamalarda mintaqaviy nizolarni hal etish istiqbollari hamda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini xavfsizlik sohasidagi yangi tahdid va xatarlarga moslashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum doirasida SMTI direktori xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar muhokamalarida qatnashdi. Fikr almashish davomida inqirozlarning oldini olishda diplomatiyaning o‘rni, davlatlar o‘rtasidagi muloqotni saqlab qolish va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zA