Strategik sheriklik: Minskga tashrif bir kunlik siyosiy voqea emas, uzoq muddatli taraqqiyot mexanizmini ishga tushiruvchi qadam
Munosabat

– Belarus va O‘zbekiston munosabatlarining kelajagi qo‘shma loyihalar va strategik sheriklik bilan bog‘liq, – deya fikr bildirdi Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Ushbu tashrif allaqachon tarixiy voqea sifatida baholanmoqda. Tashrif doirasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi, 2030-yilgacha bo‘lgan hamkorlikning “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi, III Hududlar forumi doirasida esa ikki mamlakat hududlari o‘rtasida o‘nlab kelishuvlarga erishildi.
O‘zA mazkur tarixiy tashrif, unda imzolangan hujjatlar mazmun-mohiyatini keng ochib berish va ilgari surilgan taklif, tashabbuslarni atroflicha sharhlash maqsadida Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi katta o‘qituvchisi Alina Salixova fikri bilan qiziqdi.
Ekspert eng avvalo ikki tomonlama erishilgan hujjatlarga to‘xtalar ekan, bu nafaqat diplomatik muvaffaqiyat, balki o‘zaro hamkorlikning yangi modeliga o‘tishni anglatishini ta’kidladi.
– Mazkur jarayon O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatib, yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, – dedi u.

2017-yildan buyon davlat rahbarlari o‘rtasida olib borilayotgan faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur tashrif ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.
Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ta’kidlaganidek, “Belarus va O‘zbekiston munosabatlarining kelajagi qo‘shma loyihalar va strategik sheriklik bilan bog‘liq”. Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-biriga raqobatchi emas, aksincha o‘zaro to‘ldiruvchi xususiyatga ega bo‘lib, bu salohiyat bugun aniq ishlab chiqarish va investitsiya loyihalarida o‘z ifodasini topmoqda.
Keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal sur’atlarda o‘smoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi va 2017-yilga nisbatan 5,3 barobarga oshdi. Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko III Hududlar forumida ta’kidlaganidek, joriy yilning dastlabki besh oyida o‘sish sur’ati yana 40 foizni tashkil etdi va yil yakuniga qadar 1 milliard dollarlik marra ishonchli tarzda ortda qoldirilishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, yangi qabul qilingan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi”ning asosiy maqsadi tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga qadar 2 milliard dollarga yetkazishdan iborat. Tomonlar nafaqat savdo hajmini oshirish, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hissasini ko‘paytirish orqali tashqi savdo tarkibini diversifikatsiya qilishni ham ko‘zlamoqda.
Prezident tashrifining eng muhim natijalaridan biri oddiy savdo munosabatlaridan chuqur sanoat kooperatsiyasiga o‘tish bo‘ldi. Bu O‘zbekiston uchun tayyor mahsulotlar import qilish emas, balki mamlakat ichida qoladigan texnologiyalar va ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish imkonini anglatadi.
Belarus rahbariyati tomonidan texnologik suverenitetni mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan bo‘lib, bu borada ikki mamlakat o‘rtasida ko‘plab hamkorlik nuqtalari aniqlangan. Xususan, Toshkent viloyatida “Belarus-50” traktorlarining birinchi partiyasi yig‘ildi va 2026-yildan boshlab ularni mahalliylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tirkamalar, karer texnikasi jihozlari, kabel mahsulotlari hamda parrandachilik uchun uskunalar ishlab chiqarish sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda.
Tomonlar yog‘ochni qayta ishlash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdi. Bu yo‘nalish O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan qurilish bozori uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Energetika sohasida ham hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Atom elektr stansiyalarini qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha tajribaga ega Belarus o‘z bilim va kompetensiyalarini o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirgan.
Raqamlashtirish va axborot texnologiyalari sohasi ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Bu sohadagi hamkorlik ikki mamlakat biznesi uchun yangi imkoniyat va sinergetik samaralarni ta’minlashi mumkin.
O‘zbekiston paxtasi va Belarus zig‘irining birlashuvi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Bugungi kunda Belarusning qator kiyim-kechak va poyabzal brendlari O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Qayd etish kerakki, investitsiyaviy hamkorlik ham mutlaqo yangi bosqichga chiqdi. 2025-yil davomida O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga oshib, 116 tadan 242 taga yetdi. Bu biznesning o‘zaro ishonchi mustahkamlanayotgani va hamkorlikning uzoq muddatli xarakterga ega ekanidan dalolat beradi. Eng muhimi, har bir yangi korxona nafaqat investitsiya oqimini, balki zamonaviy texnologiyalar transferi va yangi ish o‘rinlarini ham anglatadi.
III Hududlar forumining muhim natijalaridan yana biri ikki mamlakat viloyatlari o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik hujjatlarining imzolanishi bo‘ldi.
“BELTA” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Gomel, Grodno, Mogilyov, Brest, Vitebsk va Minsk viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekistonning boshqa hududlari o‘rtasida 2026-2029-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritalari” qabul qilindi.
Bu hamkorlikni faqat poytaxtlar darajasida emas, balki aniq korxonalar va mahalliy hokimiyatlar darajasida ham rivojlantirish imkonini beradi. Chunki aynan hududlardagi biznes sub’ektlari savdo-iqtisodiy munosabatlarning yangi harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin.
Strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismi gumanitar aloqani rivojlantirishdir. Ayniqsa, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin Toshkentda bo‘lib o‘tgan V Xalqaro investitsiya forumida 2026-yil noyabr oyida poytaxtda Belarus-O‘zbekiston turizm forumi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Ushbu forum o‘zbekistonliklarni Belarusning turizm salohiyati bilan tanishtirish, belaruslik turoperatorlarga esa O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan turistik bozori imkoniyatlarini namoyish etishga xizmat qiladi.
Sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport va madaniyat sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Tibbiy forumlar o‘tkazish, qo‘shma operatsiyalar tashkil etish, talabalar va mutaxassislar almashinuvini kengaytirish, madaniyat kunlari va kinofestivallar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunday tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.
Joriy yil Xiva shahrida to‘rtinchi Belarus – O‘zbekiston ayollar biznes-forumi o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan. Ushbu anjuman ikki mamlakat tadbirkor ayollari uchun yangi qo‘shma loyihalar va hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Minsk shahriga tashrifi bir kunlik siyosiy voqea emas, balki uzoq muddatli taraqqiyot mexanizmini ishga tushiruvchi muhim qadam bo‘ldi. Belarus texnologiyalarini jalb qilish, qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish va hududlararo kooperatsiyani kengaytirish orqali O‘zbekiston sanoatlashuv jarayonlarini jadallashtirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu ma’noda, Belarus bilan strategik sheriklik O‘zbekistonning zamonaviy, yuqori texnologiyali va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirishga qaratilgan yangi iqtisodiy siyosatining muhim ustunlaridan biriga aylanmoqda.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.