Stol tennischimiz "WTT Contender" saralashida g‘alabaga erishdi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida stol tennisi bo‘yicha davom etayotgan "WTT Contender" xalqaro musobaqasining dastlabki kungi yakkalik bahslarida mahoratli sportchilarimizdan Shahbozbek G‘ulomiddinov, Zohid Kenjayev, Shoira Qodirova raqiblarini mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olgandi.
Bugun, 2-sentabr kuni 50 ga yaqin davlatning 700 nafardan ziyod stol tennischilari ishtirokida o‘tayotgan yakkalik musobaqalarning so‘nggi saralash bosqichida qatnashgan terma jamoamiz a’zolaridan Shohrux Iskandarov g‘alabaga erishib, xalqaro turnirning hal qiluvchi 1/32 bosqichiga yo‘l oldi.

Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat "WTT Contender" turnirining so‘nggi kungi saralash o‘yinlarida stol tennischilarimizdan Ro‘zimuhammad Rahmonov, Shahbozdek G‘ulomiddinov, Zohid Kenjayev, Zohidjon Sadriddinov raqiblariga imkoniyatni boy berib, turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Ertadan Xalqaro stol tennisi federatsiyasi taqvimiga kiritilgan musobaqaning yakkalik, juftlik va aralash juftlik o‘yinlarining asosiy tur bahslari boshlanadi.
Turnir 6-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA