Stol tennischilarimiz Qozog‘iston turnirida qatnashmoqda
Qozog‘istonning Olmaota shahrida stol tennisi bo‘yicha boshlangan "WTT Contender" xalqaro musobaqasida dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 700 nafarga yaqin mahoratli stol tennischilari yakkalik, juftlik va aralash juftlik musobaqalarida ishtirok etmoqda.Xalqaro musobaqaning bugungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasining 4 nafar a’zosi yakkalik bahslarining ilk saralash musobaqalarida o‘z omadini sinovdan o‘tkazadi.
Xalqaro stol tennisi federatsiyasi taqvimidan o‘rin olgan musobaqada dunyoning eng kuchli stol tennischilari sovrinli o‘rinlar bilan bir qatorda reyting ochkolari uchun kurash olib boradi.
Bugungi musobaqalarda mamlakatimiz stol tennischilari qozog‘istonlik raqiblari bilan keyingi bosqich masalasini hal qiladi.

Xususan, mahoratli kichik raketka ustalarimizdan Musobek Toliyev Dastan Kenzhigulov bilan, Shaxbozbek G‘ulomiddinov Alexey Markin bilan, Zohid Kenjayev Amir Torgaibekov bilan, Go‘zaloy Abduqahhorova Alisa Tsvigun bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, yosh tennischimiz Maftuna Elmurodova italiyalik Debora Vivarelliga qarshi ilk o‘yinni o‘tkazsa, hamyurtlarimiz Nigina Yuldosheva va Shoira Qodirov dastlabki o‘yinda o‘zaro raqobatlashadi.
Mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat "WTT Contender" xalqaro turniri 6-sentabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA