“START UP UZ” loyihasiga start berildi
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “START UP UZ” loyihasining ilk soniga start berildi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan “START UP UZ” loyihasining ilk soniga start berildi. Bu haqda ittifoqning viloyat kengashi xabar bermoqda.
Mazkur loyiha yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi bilim koʻnikmalarini shakllantirish, ularning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, hozirgi karantin sharoitini hisobga olgan holda ijtimoiy tarmoqlar orqali amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, “START UP UZ” loyihasining ilk soni online tarzda Facebook ijtimoiy tarmogʻi orqali namoyish etildi. Loyihaning ilk mehmoni “DIL-MOND” ishlab chiqarish xususiy savdo firmasi rahbari Qambarali Navroʻzov boʻldi. Yosh tadbirkor “Tadbirkorlikka ilk qadam” loyihasida mahorat darsini oʻtdi va yoshlarning online tarzda yoʻllagan savollarga atroflicha javob berdi.
- Ushbu loyihani ilk sonida men moderator sifatida tadbirkorlik sohasidagi tajribalarimni oʻz tengdoshlarim bilan oʻrtoqlashdim, – deydi yosh tadbirkor Qambarali Navroʻzov. – Albatta, bunday loyihalar yoshlarning har bir sohada oʻz tajribalarini oshirib borishlari uchun yana bir imkoniyatdir. Bugungi karantinda ham vaqtdan unumli foydalanish nechogʻlik ahamiyatli ekanligini yoshlarimiz chuqur anglamogʻi muhimdir. Bunday tashabbus va loyihalar esa ular uchun katta imkoniyat.
– Loyiha haqidagi eʼlonni oʻqib, tadbirkorlik sohasiga qiziqishim bois ijtimoiy tarmoq orqali kuzatib bordim va oʻzimni qiziqtirgan savollarga tadbirkor tomonidan javob oldim, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi Oʻgʻiloy Yunusova. – Loyihaning keyingi sonlarini ham kutib qolaman.