Sportchilar sharaflandi
Joriy yilning mart oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida muaytayning WMF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan XXIII jahon chempionatida sportchilarimiz 6 oltin, 3 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning mart oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida muaytayning WMF yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan XXIII jahon chempionatida sportchilarimiz 6 oltin, 3 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrat muzeyida jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgani, iste’dodli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning samarasida sportchilarimiz jahon miqyosidagi musobaqalarda ulkan zafarlarni qo‘lga kiritayotgani ta’kidlandi.
Muaytayning WMF yo‘nalishi bo‘yicha XXIII jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatli ishtirok etgani buning yana bir dalilidir.
Chempionatda Temur Buloqov, Sunnatilla Rashidov, Shahriyor Jo‘rayev, Javohir Hamroqulov, Akrom Sharipov, Temur Jabborov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Rustam Abdiyev, Shehroz Xolmirzayev, Sherzod Ergashev ikkinchi, Zafar Husanov va Kamoljon Odilov uchinchi o‘rinni egalladi.
– Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman, – deydi Shahriyor Jo‘rayev. – Ushbu g‘alabani qo‘lga kiritishimda murabbiylarim mehnati, yaqinlarim va xalqimizning ishonchi katta kuch bag‘ishladi. Niyatim, nufuzli musobaqalarda doimo Vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishdir.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.