Sport xabarlari
Toshkentning “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” jamoalari O‘zbekiston kubogi bahslarining yarim finaliga chiqdi.
Engil atletika. Vengriyada o‘tkazilgan Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda hamyurtimiz Svetlana Radzivil kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli musobaqaning balandlikka sakrash bahslarida qatnashgan tajribali atletimiz 1,88 metr natija qayd etib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu bahsda rossiyalik Irina Gordeyeva birinchi, bolgariyalik Mirela Demireva uchinchi o‘rinni egalladi.
* * *
Futbol. Toshkentning “Lokomotiv” va Qarshining “Nasaf” jamoalari O‘zbekiston kubogi bahslarining yarim finaliga chiqdi.
“Lokomotiv” chorak finalda Bekobodning “Metallurg” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuvning 5-daqiqasida S.Shoahmedov tomonidan kiritilgan yagona gol “temiryo‘lchilar”ga yarim final yo‘llanmasini taqdim etdi.
“Nasaf” esa birinchi ligada to‘p surayotgan Toshkentning “Paxtakor-2” jamoasini qabul qildi. Dastlabki uchrashuvda 6:0 hisobida g‘alaba qozongan qarshilik charm to‘p ustalari ikkinchi o‘yinda ham raqib darvozasiga javobsiz ikki to‘p kiritdi – 2:0 va yarim finalga yo‘l oldi. Gollarga F.Sayfiyev va D.Narzullayev mualliflik qildi.
Endi “Paxtakor” (Toshkent) va “Sementchi” (Quvasoy), “So‘g‘diyona” (Jizzax) va “Bunyodkor” (Toshkent) jamoalari yarim finalga chiqish uchun o‘zaro bahslashadi.