Sport xabarlari
Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova Hindistonda Xotin-qizlar tennis uyushmasi tomonidan tashkil etilgan musobaqani muvaffaqiyatli boshladi.
Tennis. Mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Sabina Sharipova Hindistonda Xotin-qizlar tennis uyushmasi tomonidan tashkil etilgan musobaqani muvaffaqiyatli boshladi.Sabina turnirning dastlabki davrasida rossiyalik Irina Xromachyovaga qarshi kortga chiqdi. Uchrashuvning birinchi setida 2:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygan tennischimiz, ikkinchi va uchinchi setlarda tay-brekda g‘alaba qozondi va keyingi bosqichda vengriyalik Fanni Shtollarga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi.
S.Sharipova juftlik bahslarida rossiyalik sherigi Valentina Ivaxenko bilan yaponiyalik Dzyunri Namigata va tailandlik Peangtarn Plipichga qarshi chorak finalga chiqish uchun kuch sinashadi.
* * *
Bahodirlar o‘yini. Poytaxtimizdagi "Jar" sport sog‘lomlashtirish majmuasida jahon kubogi bahslari o‘tkazildi.
Musobaqada yurtdoshlarimizdan tashqari, Rossiya, Xitoy, AQSh, Belarus, Polsha, Latviya, Irlandiya va Ukrainadan kelgan polvonlar ishtirok etdi.
Polshalik Robert Kirvus 54,5 ochko bilan musobaqa g‘olibiga aylandi. Ukrainalik Konstantin Ilin va rossiyalik Valeriy Savin shohsupaning ikkinchi hamda uchinchi pog‘onalaridan joy egalladi.
* * *
Motokross. Olmaliq shahrida O‘zbekiston kubogi musobaqalari o‘tkazildi.
Dvigatel sig‘imi 65sm3, 85sm3 hamda 125 sm3 bo‘lgan motoksikllarda buxorolik Jasurbek Samadov, jizzaxlik Dadajon To‘ychiyev, Andrey Sazanov barcha raqiblarini ortda qoldirib, marra chizig‘iga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Umumjamoa hisobida Toshkent shahri jamoasi birinchi, Buxoro viloyati vakillari ikkinchi, Toshkent viloyati sportchilari uchinchi o‘rinni egalladi.