Sport – sog‘lom turmush asosi
Jismoniy faollik, sport bilan muntazam shug‘ullanish sog‘lom va baxtli hayot kechirishning asosi.
Ayniqsa, bugungi pendemiya sharoitida salomatlikni mustahkamlash, turli xastaliklarga chalinish xavfini kamaytirishda sportning ahamiyati kattaligini har qachongidan ko‘proq his qilyapmiz. Jismoniy tarbiya bilan mashg‘ul, sportni kundalik turmushning ajralmas bir bo‘lagiga aylantirgan insonlar ruhan tetik, jismonan baquvvat bo‘lishiga guvohmiz.
Shuning uchun ham mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda professional sportchilarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
– bugungi kunda viloyatda 5654 ta sport inshooti mavjud – deydi Samarqand viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Ro‘ziyev. – Jumladan, 2 ta olimpiya zaxiralari kolleji, 4 ta ixtisoslashtirilgan va 1 ta eshkak eshish sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, tuman va shaharlarda yana 21 ta sport maktabi, 1 ta futbol mahorati va 1 ta “Dinamo” PFK futbol maktabi mavjud. 30 ta sport muassasasida sportning 48 ta turi bo‘yicha to‘garak (seksiya)lar mashg‘ulotlarida 28 ming nafar, jumladan, 7 ming nafari qizlar qatnashadi. Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 27 sport turi bo‘yicha to‘garaklarga 104 ming nafar o‘quvchilar qamrab olingan.
[gallery-3163]
O‘quvchi va talaba yoshlar ta’lim muassasalarida mavjud sport seksiyalariga qamrab olinadi – bu borada muammo bo‘lishi mumkin emas. Ammo, gap aholining turli yoshdagi qatlamni qamrab olish haqida borar ekan, bu borada ommaviy sport tadbirlarini uyushtirish o‘z samarasini berayotganini ta’kidlash lozim.
Misol uchun, keyingi yillarda bayram tadbirlari munosabati bilan yoki dam olish kunlari turli kasb egalari, xotin-qizlar, keksalar va boshqa aholi qatlami ishtirokida barcha tuman va shaharlarda ommaviy yurish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlarda ham qatnashchilar soni oshib bormoqda. Aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish borasida yil boshidan buyon shu kabi 15 mingdan ortiq sport tadbirlari o‘tkazildi va ularda 1 milliondan ko‘proq aholi qatnashdi. Sport haftaliklari doirasida esa 2800 dan ziyod tadbir uyushtirildi. Bu musobaqalarda ham 185 mingga yaqin aholi, jumladan, 67 ming nafar xotin-qizlar ishtirok etdi.
“Futbolimiz kelajagi”, “Mahallada futbol”, “Charm to‘p”, “Hokim kubogi” hamda “Rahbar kubogi” singari 1400 dan ortiq musobaqalarda mahallalarda tuzilgan 2400 ga yaqin jamoa qatnashdi.
Aholi o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirishda Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 30 oktyabrda qabul qilingan “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.
Mazkur farmon ijrosi yuzasidan joriy yilda viloyatda 104 kilometr uzunlikda salomatlik yo‘laklari hamda 110 kilometr masofada veloyo‘lak tashkil etilmoqda. Mahalliy byudjet va xususiy sektor mablag‘lari hisobidan 19 milliard so‘m evaziga 56 ta vorkaut, 33 ta stritbol, 32 ta badminton, 60 ta mini-futbol maydonlari qurilmoqda. Hozirgacha Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida hamda Bulung‘ur, Oqdaryo, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Paxtachi, Samarqand, Toyloq va Urgut tumanlarida 64 kilometrlik salomatlik hamda 47 kilometr velosiped yo‘laklari, 39 ta mini futbol, 33 ta badminton, 291 ta vorkaut va 38 ta stritbol maydonchalari foydalanishga topshirildi.
– Manzilli dastur doirasida bu yil viloyatimizdagi 6 ta sport inshootida 35 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda – deya so‘zida davom etadi Sh.Ro‘ziyev. – Mahalliy byudjet mablag‘lari doirasida esa Samarqand shahar 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Ishtixon tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabining Mitan sport majmuasi kapital ta’mirlanmoqda. Sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi “Yoshlik” stadioni rekonstruksiya qilinmoqda.
Yuqori qayd etganimizdek, sportning ommaviyligini oshirishda mahallalar bilan yaqin hamkorlikda ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda bu yil “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovini o‘tkazildik va viloyat bo‘yicha 52 mahalla ana shu nomga munosib deb topildi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16 iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan endilikda bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sportni ommaviy harakatga aylantirish hamda aholining jismoniy qobiliyatini aniqlash va rag‘batlantirishga imkoniyat yaratildi.
Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 avgustdan boshlab aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, sport sinovlari maxsus va ixtiyoriy ravishda aholining yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan qatlami va undan kattalarning jismoniy tayyorgarligini aniqlaydi. Sinovlar pog‘ona va murakkablik darajasidan kelib chiqib, 15 turdagi, shu jumladan uzoq va qisqa masofalarga yugurish hamda suzish, turnikda tortilish, anjomlarni uloqtirish va boshqa mashqlardan iborat bo‘ladi. Ishtirokchilarga 11 ta yosh toifasi bo‘yicha egallagan o‘rni va darajasiga qarab sport razryadlari va unvonlari beriladi hamda ular moddiy rag‘batlantiriladi.
Natijada, aholining yosh toifasidan kelib chiqib yoshlarni harbiy xizmatga layoqatliligi soni, bo‘yi, vazni talabga javob berishi hamda mavjud sport zallar va maydonchalarning foydalanish samaradorligi 2020 yilda 8,6 soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 12,8 soatni tashkil etadi.
Albatta, bu sa’y-harakatlar yaqin yillarda o‘z natijasini beradi.
Shu kunlarda dunyo ahlining nigohi Yaponiyaning Tokio shahriga qaratilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kunchiqar yurtda o‘tkazilayotgan yozgi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar ham muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Mamlakatimiz jamoasi tarkibida olimpiya o‘yinlarida 10 nafar, paralimpiya o‘yinlarida esa 4 nafar samarqandlik sportchilarning borligi barchamizga faxr va ixtixor bag‘ishlamoqda. Ular 8 sport turi bo‘yicha bellashuvlarda qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishlariga ishonamiz.
G‘.HASANOV, O‘zA