Sport – salomatlik garovi
Andijon olimpiya zaxiralari kollejida "Biz buyuk yurtning barkamol farzandlarimiz!" shiori ostida ayollar suv sporti festivali bo‘lib o‘tdi.
Andijon olimpiya zaxiralari kollejida "Biz buyuk yurtning barkamol farzandlarimiz!" shiori ostida ayollar suv sporti festivali bo‘lib o‘tdi.Viloyat hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda xalq ta’limi boshqarmalari va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalda ishtirokchilar suv sportining suzish, sinxron suzish, balandlikdan sakrash turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlar sportini rivojlantirish, buning uchun joylarda zamonaviy sharoitlar yaratish, oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Viloyatdagi 4 ming 498 sport inshootida aholi, xususan, xotin-qizlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Ayni paytda 20 mingdan ziyod xotin-qiz sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda, 110 ming nafari sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlariga jalb etilgan. Bu oilalarda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini mustahkamlash va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
2015-yili andijonlik xotin-qizlar mamlakat va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan sport musobaqalarida 171 oltin, 169 kumush, 141 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Ulardan ikki nafari jahon chempioni, o‘n nafari Osiyo chempioni, 3 nafari Markaziy Osiyo chempioni, degan sharafga sazovor bo‘ldi.
Festivalda sportning suzish, sinxron suzish, suvga sakrash turlari bo‘yicha ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, qator xalqaro turnirlar sovrindorlari Dilrabo Ahmedova, Farida Mo‘minjonova, Almira Mamatkazina, Begoyim Bozorova, Zebuniso Alisherova, Iroda Sadriddinova, Shohsanam Toshpo‘latova, Muslima Odilova, Nodira Shamsiddinova, Rinata Tuxsinova kabi tajribali sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, ayniqsa, sinxron suzish bilan shug‘ullanuvchi kichik yoshli qizlar guruhi tomonidan ijro etilgan o‘ziga xos raqslar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.