Sport — millat g‘ururi, sog‘lom hayot va yuksalishning qudratli manbai
Bugungi shiddatli zamon va globallashuv davrida har bir davlatning kelajagi, avvalo, uning intellektual salohiyati hamda xalqining jismoniy sog‘lomligiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichida sportni shunchaki jismoniy tarbiya mashg‘uloti emas, balki millatning ruhiy tetikligi, vatanparvarlik tuyg‘usi va xalqaro maydondagi nufuzini belgilovchi strategik kuch sifatida qadrlamoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek: “Sport nafaqat musobaqa, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuchdir”. Ushbu konseptual yondashuv asosida mamlakatimizda sport sohasini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, ommaviy sportning qamrovini kengaytirish va seleksiya tizimini tubdan takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.
So‘nggi to‘qqiz yil davomida sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar ko‘lami hayratlanarlidir. Mahallalarda 1774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etilgani, 200 dan ortiq yirik sport inshootlari va 4 mingga yaqin xususiy klublarning ish boshlagani sportning xalqqa yaqinlashganidan dalolat beradi. Buning natijasida professional sportchilar soni 2 karra, paralimpiyachilar esa 3 barobarga ortdi. O‘zbek sportining “oltin davri” sifatida tarixga kirgan so‘nggi yillarda xususan, Tokio va Parij Olimpiadalaridagi tarixiy g‘alabalar, bokschilarimizning jahonda tengsiz ekanini isbotlagani, futbol bo‘yicha yoshlar terma jamoalarining qit’a miqyosidagi muvaffaqiyatlari Prezidentimiz ilgari surgan islohotlarning amaliy mevasidir. Birgina o‘tgan yilning o‘zida vatandoshlarimiz xalqaro musobaqalarda jami 1 371 ta medal jamg‘arib, 50 dan ortiq jahon va Osiyo rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun”. Demak, erishilgan yutuqlar bizni xotirjamlikka berilishga emas, balki mavjud muammolar ustida yanada qat’iy ishlashga undashi zarur.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari soha rivojini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan inqilobiy tashabbuslarni ilgari surdi. Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat raqamlar bilan emas, balki aholining salomatlik ko‘rsatkichlari, ya’ni “salomatlik balansi” asosida baholanadi. Eng diqqatga sazovor takliflardan biri — “sog‘lom hayot volontyorlari” korpusining tashkil etilishi bo‘ldi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisi 15 million so‘mgacha mukofotlanishi, mas’ul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama to‘lanishi belgilandi. Shuningdek, dunyoda ommalashayotgan intensiv mashg‘ulotlar — kross-fit yo‘nalishini barcha maktab va texnikumlarda joriy etish, kelgusi yildan uni “Besh tashabbus” tizimiga kiritish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Davlat organlari va xususiy sektor uchun ham yangicha yondashuv belgilandi: endi har bir vazir va hokim o‘z xodimlariga sportda namuna bo‘lishi shart. Haftaning bir kuni “Sport kuni” deb e’lon qilinishi va korxonalarning sport inshootlari qurish xarajatlari soliqdan chegirilishi sohaning iqtisodiy jozibadorligini oshiradi. Yangi tizimga ko‘ra, “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi seleksiya modeli yo‘lga qo‘yiladi. Sport yo‘nalishidagi oliygoh talabalariga dual ta’lim asosida to‘garaklar ochish va avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati berish imkoniyati yaratilgani yosh mutaxassislar uchun katta eshiklarni ochadi. Ilmiy ishi amaliy natija berib, sportchilarining medallari ko‘paygan olimlarning 100 million so‘m miqdoridagi mukofot bilan taqdirlanishi esa ilm va sport integratsiyasini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, sohadagi islohotlarning yangi bosqichida inson qadri va salomatligi bosh mezon bo‘ladi. Mahallalarda sport qamrovining oshishi, aholi orasida kasalliklarning kamayishi mas’ullarning faoliyatiga berilgan eng oliy bahodir. Davlatimiz rahbari qayd etganidek: “Biz xalqimizning roziligiga erishishni islohotlarimizning bosh mezoni va asosiy maqsadi deb bilamiz”. Zero, sog‘lom hayot tarzini tanlagan xalq, sportni o‘z hayotining ajralmas qismi deb bilgan yoshlar Yangi O‘zbekistonning mustahkam tayanchi va yuksak taraqqiyotning kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
A.G‘afforov,
O‘zA