Sport kurashlari: Jahon chempionatida polvonlarimiz 3 ta medalga sazovor bo‘ldi
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Yunon-rum kurashi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqaning 67 kilogrammgacha vazn toifasida finalga qadar yetib borgan Aytjan Xalmaxanov hal qiluvchi bellashuvda eronlik Said Leyveysi bilan kuch sinashdi. Afsuski, hamyurtimiz raqibiga imkoniyatni boy berib, jahon chempionatining kumush medali bilan kifoyalandi.
-63 kilogramm vazn toifasida Ozodbek Halimboyev bronza medali uchun kechgan bahsda bolgariyalik Edmond Nazaryanni 7:3 hisobida mag‘lub etdi. Shu tariqa, polvonimiz jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, -60 kilogramm vaznda ishtirok etgan Alisher G‘aniyev ham musobaqani bronza medali bilan yakunladi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha bahslar yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 80 ochko jamg‘arib, umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi. Eron terma jamoasi 192 ochko bilan birinchi, Ozarbayjon vakillari esa 104 ochko bilan ikkinchi bo‘ldi.
Ayni paytda Ostonada sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatining boshqa yo‘nalishlarida ham bellashuvlar davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA