Sport faxriylari I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida uzoq yillar yurtimiz sportining rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh sport faxriylari O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik Kengashining qarori bilan I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Durdona Rahimova, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisining o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev, mamlakat sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov ishtirok etgan tadbirda davlatimiz tomonidan faxriylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, joylarda o‘tkazilayotgan “Uch avlod” uchrashuvlari, yoshlar tarbiyasida katta hayot tajribasiga ega insonlarimizning alohida o‘rni borligini ta’kidladi.


I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan Lev Yugay, Anvar Avazxo‘jayev, Shuhrat Najimov, Bahodir Bilolov, Aleksandr Istomin, Vyacheslav Soloxo, Klara Shokirjonova, Vladimir Pyatayev, Rinat Yunusov, Baxtiyor Rajabov, Azim Alimov o‘z navbatida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro sport musobaqalarida, yurtimizda tashkil etilayotgan ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida o‘z aksini topayotganini e’tirof etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA