Sport diplomatiyasi: tinchlik va hamkorlik ko‘prigi
Bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan globallashuv davrida sport nafaqat jismoniy kamolot manbai, balki davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro anglashuv hamda strategik hamkorlikni mustahkamlashning universal vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Sport o‘z tabiatiga ko‘ra, insonlarning millati, diniy qarashlari, ijtimoiy kelib chiqishi yoki iqtisodiy mavqeidan qat’i nazar, ularni yagona ezgu g‘oya atrofida birlashtirishga qodir bo‘lgan noyob sohadir. Zamonaviy dunyoda sport eng qudratli siyosiy ta’sir va “yumshoq kuch” (soft power) vositasi sifatida tan olingan bo‘lib, xalqaro munosabatlarning ajralmas qismiga aylandi. U gumanitar texnologiya sifatida davlatlarning ichki va tashqi siyosatidagi strategik vazifalarni hal etish, madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish va global ziddiyatlarni yumshatishda muhim institut bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy tashqi siyosatida ham sport diplomatiyasi alohida o‘rin egallaydi. Xususan, 2026-yil mamlakatimiz uchun sport sohasida tub burilish va ulkan islohotlar yili sifatida tarixga kirmoqda. Joriy yilning 20-yanvar kuni davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tgan taqdimotda 2025-yilgi natijalar sarhisob qilinib, 2026-yil uchun ustuvor vazifalar belgilab berilgani sohaga bo‘lgan yuqori e’tiborning ifodasidir. Ayniqsa, 26-yanvar kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasi Yangi O‘zbekistonning sport olamidagi nufuzini yangi bosqichga ko‘tardi. Shuningdek, 24-mart kuni Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy futbol stadioni qurilishining ko‘zdan kechirilishi hamda aynan shu kuni “Jismaniy tarbiya va sport to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi, sohani moliyalashtirish va tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilish bo‘yicha Prezident qarori imzolanishi sohaning huquqiy va iqtisodiy asoslarini tubdan takomillashtirdi.
Sport diplomatiyasining amaliy natijadorligini mamlakatimiz atletlarining jahon arenalaridagi yutuqlarida ham ko‘rish mumkin. O‘tgan yil davomida sportchilarimiz tomonidan xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali qo‘lga kiritilgani, 50 nafardan ziyod vakilimiz jahon va Osiyo rekordlarini yangilagani o‘zbek sportining salohiyatini butun dunyoga namoyish etdi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sport nafaqat musobaqa, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini aks ettiruvchi katta kuchdir. Intellektual sport turi bo‘lgan shaxmatda ham tarixiy natijalar qayd etilmoqda. Xususan, Javohir Sindarovning dunyoning eng kuchli grossmeysterlari orasida muddatidan oldin g‘alib bo‘lishi va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlanishi yosh avlodning salohiyatidan dalolat beradi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil qadamlar sport diplomatiyasining mohiyatini yanada ochib beradi. Toshkentdagi xalqaro anjumanlar doirasida jahon va Osiyo sport tashkilotlari bilan 20 dan ortiq muhim bitimlar imzolangani buning tasdig‘idir. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bilan Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi zamonaviy sport klubini tashkil etish, Billashishgan kurash dunyosi tashkiloti bilan Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasini barpo etish, shuningdek, voleybol va chim ustida xokkey bo‘yicha yangi stadionlar qurilishi borasidagi kelishuvlar O‘zbekistonning xalqaro sport xaritasidagi o‘rnini mustahkamlaydi. Bu kabi tashabbuslar davlatimizning sport sohasida ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik uchun ochiq ekanini anglatadi.
Sport diplomatiyasining tarixiy ildizlari XX asrda, xususan, “Olimpiya sulhi” kabi an’analar bilan shakllangan bo‘lsa, bugungi kunda u murakkab geosiyosiy jarayonlarda muhim muvozanatlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. To‘g‘ri, ushbu yo‘nalishda sportni haddan tashqari siyosiylashtirish yoki katta moliyaviy xarajatlar kabi xatarlar ham mavjud. Biroq, sport diplomatiyasining afzalliklari — xalqaro aloqalarni mustahkamlash, milliy manfaatlarni ilgari surish, mamlakatning ijobiy imijini shakllantirish va iqtisodiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi imkoniyatlari beqiyosdir. Buni yangi tahrirdagi sport to‘g‘risidagi qonunda «xalqaro hamkorlik» tushunchasiga o‘nlab marotaba urg‘u berilgani ham isbotlaydi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida sport diplomatiyasi tinchlik, bag‘rikenglik va barqaror rivojlanishni ta’minlovchi eng samarali vositalardan biri bo‘lib qolaveradi. O‘zbekistonning bu boradagi strategik yondashuvi nafaqat jismoniy tarbiyani ommalashtirish, balki sport orqali xalqaro maydonda do‘stlik ko‘priklarini qurish va yurtimizning yuksak salohiyatini namoyon etishga qaratilgan. Zero, global ziddiyatlar kuchaygan sharoitda sport — mamlakatlarni birlashtiruvchi, nizolarni bartaraf etuvchi va insoniyatni umumiy maqsadlar yo‘lida jipslashtiruvchi beqiyos kuchdir. O‘zbekiston esa ushbu kuchdan tinchlik va taraqqiyot yo‘lida oqilona foydalanib, jahon hamjamiyatidagi o‘z o‘rnini yanada yuksaltirishda davom etadi.
Rustam Babajanov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti
“Menejment va sport tadbirlarini tashkil etish” kafedrasi professori v.b., p.f.b.f.d.(PhD)