Sport: 15 ming nafarga yaqin murabbiy ochiq muloqotda qatnashdi
Sport vazirligida mamlakatimizning barcha hudud, tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 15 ming nafarga yaqin murabbiylar hamda soha mutasaddilari ishtirokida ilk bor keng qamrovli ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘tkazilgan ochiq muloqotda sport sohasining bugungi holati, murabbiylarni qiynayotgan muammolar, ularning taklif va tashabbuslari hamda sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi vazifalar belgilab olindi.
Muloqot avvalida milliy terma jamoalarga munosib sportchilarni yetkazib berayotgan va o‘zbek sportini dunyoga tanitayotgan jonkuyar murabbiylarga minnatdorlik bildirildi.
Ochiq muloqot davomida sport maktablaridagi mashg‘ulot jarayonlari, razryad talablari, o‘quvchilarni qabul qilish mezonlari, ishga joylashish, mehnatga haq to‘lash, ustamalar, malaka toifasi va sertifikat olish, sport inventarlari, musobaqalar hamda sport infratuzilmasi kabi masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, sport tizimida qator yangi tashabbuslar belgilandi. Avvalo, sport maktablarini sog‘lomlashtirish va boshlang‘ich tayyorgarlik guruhidagi sportchilarni keyingi guruhlarga o‘tkazishda talab etiladigan razryadni tegishli sport turi bo‘yicha normativ qabul qilish orqali berish imkoniyati yaratiladi.

Kelgusi yildan sportchilarga razryad va unvon berish jarayoni “ERP–sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali to‘liq proaktiv shaklga o‘tkaziladi. Shuningdek, sport guruhlarida shug‘ullanuvchi sportchilar o‘rtasidagi yosh tafovuti amaldagi 2 yoshdan 3 yoshga kengaytiriladi.
Sport maktablaridan milliy terma jamoalarga sportchilar yetkazib berayotgan va yuqori natijalarga erishayotgan murabbiylarni ularning xohishiga ko‘ra Olimpiya markazlari hamda ixtisoslashgan professional sport ta’lim muassasalariga rotatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Zarur hollarda bunday murabbiylar bilan birga ularning natijador sportchilari ham ko‘chiriladi.
Murabbiylarga malaka sertifikati berish tizimi soddalashtiriladi. Xususan, trener-seleksionerlarning sport faoliyatiga tegishli malaka sertifikatlarini istisno tariqasida tan olish, yangi o‘quv yilidan ularni malaka oshirish kurslarining “2+2” dasturiga o‘tkazish va amaliyot qismini biriktirilgan mahallada tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.
Ochiq muloqotda sport sohasida korrupsiyaning oldini olish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA