Spirt mahsulotlarining qonunga xilof savdosiga chek qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida spirt mahsulotlarining noqonuniy aylanuvi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
To‘rtko‘l tumanida hujjatlari mavjud bo‘lmagan 980 litr spirt mahsulotini 65 million so‘m evaziga shartli xaridorga noqonuniy ravishda sotilayotgan vaqtda to‘xtatib qolindi.
Beruniy tumanida esa xonadonda tashkil etilgan yashirin sexda alkogol mahsulotlari noqonuniy ishlab chiqarilayotgani fosh etildi. Hodisa joyidan jami 55 million 387 ming so‘mga teng 22 turdagi ashyoviy dalil, jumladan, 23 dona plastmassa idishlarda jami 460 litr spirt, 732 dona qalbaki aksiz markalar bilan qadoqlangan shisha idishlarda 387 litr “Qarataw” nomli aroq, 1 ming 15 dona kapsula, 395 dona aksiz marka, 2 rulon QR-kodlar, 1 dona muhr, bo‘sh shisha idishlar, jihozlar va boshqa buyumlar aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirildi. Ayni paytda holatlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Alkogol mahsulotlarining qonunga xilof aylanmasiga qarshi kurashish borasidagi tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri