Soxta “tadbirkorlar” qo‘lga tushdi
Buxoroning Markaziy dehqon bozorida iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotini sotayotgan “tadbirkorlar” qo‘lga tushdi.
Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahar “Markaziy dehqon bozori”da Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro H.A. hamda Romitan tumani Qahramon mahallasida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro M.K. lar oldindan til biriktiradi. Natijada bir guruh bo‘lib, G‘ijduvon tumani sanitariya epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosasiga ko‘ra, qo‘lbola usulda chigitdan olingan, iste’molga yaroqsiz 150 litr paxta yog‘ining har bir litrini 25.000 so‘mdan, 3 million 750 ming so‘mga sotayotgan vaqtda ushlanadi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro H.A. va M.K.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 186/2-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA