Soxta pulni qanday “tanisa” boʻladi?
Keyingi kunlarda soxta pul yasash bilan shugʻullanayotganlar haqidagi mish-mishlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Baʼzida bozorda savdo qilayotganlar ham yirik pulni maydalab, soxtakorlar qurboniga aylanib qolayotgani haqida eshitmoqdamiz.
Keyingi kunlarda soxta pul yasash bilan shugʻullanayotganlar haqidagi mish-mishlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Baʼzida bozorda savdo qilayotganlar ham yirik pulni maydalab, soxtakorlar qurboniga aylanib qolayotgani haqida eshitmoqdamiz.
Maʼlumotlarga koʻra, har qirqinchi 1 funt-sterling tangasi, har oʻn minginchi 100 dollarlik pullar qalbaki emish. Qalbaki pul yasovchilar AQSH valyutalarida surati tasvirlangan yagona ayol Marta Vashington bilan zarb qilingan 1 $ lik kumush tangalarni ham qalbakilashtirishgan ekan.
Bunday firibgarlarga duch kelganda “chuv” tushmaslik uchun nimalarga eʼtibor qilish, asl kupyuralarni qalbakisidan oddiy holatlarda qanday ajratib olish usullari haqida bilish uchun Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga murojaat qildik. Buning uchun oddiy tavsiya berildi: “His eting, yaxshilab qarang va tekshirib koʻring”. Bu qanday boʻladi? biz ajablandik.

– Fuqarolarimiz uy sharoitida milliy valyutamizni qogʻozini sifati va ustidagi ranglardan bemalol ajratib olsa boʻladi, – deydi Hadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi yetakchi eksperti Malika Qambarova. – Avvalo, banknotni yaxshilab his etishni oʻrganish kerak. Unda maxsus muhr bor, muhr relf yaratib turadi. Koʻzi ojiz odamlar ham qoʻli bilan his etishga yordam beruvchi qabariqlar borki, qoʻl orqali paypaslab, bilsa boʻladi. Bunda undagi oʻlcham va silliqligi ham muhim. Aslida rasmlar va yozuvlar bir xil, ranglar tiniq boʻladi. 50 minglik yoki 100 minglik boʻlsin hammasi chiroq tushganda chetidagi belgisi har xil tusga kiradi. Qisqasi puldagi suv belgisi, qiyalik burchagiga qarab harakatlanadigan himoya ipi, tasvirlarning boʻrtib turishi va arkaning tagida oq rangli boʻyoqda bosilgan Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi orqali tezda aniqlab olish mumkin. Banknotning pastki qismidagi naqshda yashirin tasvir mavjud boʻlib, bu lotin yozuvidagi UZ soʻzidan iborat. Bu ham maʼlum qiyalik burchagida bemalol koʻrinadi.
Bularni hech biri soxta pullarda boʻlmaydi. Hatto, ustida barmoq yurganda gʻadir-budirlik sezilmaydi. Hatto ularning qogʻozini sifati bir ikki marta bukilsa yoki suv tegsa, yirtilib boʻyoqlari qoʻlga oʻtib qoladi.
Baʼzida odamlarimizni befarqligi tufayli “firibgarlar ish yurishadi”. Mana qoʻlimizda yozuvlari bir tarafga tushib qolgan soxta pullar turibdi. Ular olganlar aldanib qolgan. Aslida, ozgina eʼtiborli boʻlgan yosh bola ham uni soxtaligini bemalol biladi. Chunki, yuzidagi rasmlar va orqaga oʻgirgandagi yozuvlar bir- biriga teskari turibdi.

Biz aytayotganimiz oddiy usullar. Baʼzi soxta pullar juda murakkab tayyorlangan boʻladi, ularni oddiy koʻzda ajratish keyin. Bu vaqtda turli uskunalar, hech boʻlmasa lupa kerak boʻladi.
Qalbaki pullar masalasida koʻproq banklar bilan ishlaymiz. Yaqinda tekshirishga olib kelingan katta miqdordagi yevroning asosiy qismi soxta boʻlib chiqdi. Ayni vaqtda fuqarolar kelib ariza yozib, tegishli toʻlovni amalga oshirsa, eng kamida oʻn kun muddatda pullarini tekshirib beramiz.Har bir obyekt uchun 900 ming atrofida toʻlov amalga oshiriladi.
Qayd etish kerakki, Jinoyat kodeksining 176-moddasiga koʻra, oʻtkazish maqsadida qalbaki bank biletlari (banknotlar), metall tangalar, aksiz markalar, shuningdek, qimmatli qogʻozlar yoxud chet el valyutasi yoki chet el valyutasidagi qimmatli qogʻozlar yasash yoki ularni oʻtkazish ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qoʻyilgan.
