So‘xlik o‘quvchilarga bayram sovg‘asi
Hayotiy haqiqat shuki, aholi soni yildan-yilga yoshlar hisobiga oshib boryapti. Bu voqelik avvalo yangi ta’lim muassasalari qurish, mavjudlarini qayta ta’mirlash va kengaytirishni taqozo etadi.
Masalan, So‘x tumanidagi Qaqir mahallasida 14-umumta’lim maktabi bor. Bugungacha bu yerda 1200 nafar o‘quvchi atigi 624 o‘rinli sinflarda tahsil olar edi. Ya’ni darslar to‘liq ikki smenada olib borilgan.


2026-2027 o‘quv yilidan endi hammasi boshqacha bo‘ladi. Davlat buyurtmasiga ko‘ra eski bino mukammal rekonstruksiya qilindi, uning tarkibida yangi o‘quv binosi qurildi. Hozir maktab sinflaridagi o‘quvchi o‘rni 1044 tani tashkil etmoqda. Shunday qilib, “Qaqir” MFY hududidagi o‘quvchilarning 90 foizi bir smenada o‘qiydilar. Tushdan keyin esa 8 ta yo‘nalishdagi fan va qiziqish to‘garaklariga qatnaydilar.

Yangi o‘quv binosi so‘xlik bolalar va ota-onalar uchun Mustaqillik bayramining 35 yilligi arafasida eng yaxshi sovg‘a bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA