So‘xda yangi loyihalar ishga tushdi
Prezidentimizning 2020 yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida oltmishdan ortiq loyihalar ishga tushirildi.
Dasturga ko‘ra, Qayroq massividagi 1 ming 448 gektar yaylov maydonini o‘zlashtirish uchun ikki ko‘tarmali “Qayroq” nasos stansiyasini bosqichma-bosqich qurilishi belgilangan. Ayni kunlarda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda. Mazkur suv nasos stansiyasini elektr energiya bilan sifatli ta’minlash ham davom ettirilyapti.

"Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan «Qayroq» suv nasos stansiyasiga dastavval 35 kVli yuqori kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘ini tortish uchun 20 dona tayanch o‘rnatilishi boshlanib, shundan 17 dona metal anker va 3 dona temir-beton tayanchi o‘rnatildi.
Qisqa vaqt ichida suv nasos stansiyasi joylashgan hududga 2,9 kilometr uzunlikda yuqori kuchlanishli elektr uzatish havo tarmog‘i tortildi.

Dasturga ko‘ra, ishga tushirilishi rejalashtirilgan 2 dona har birining quvvati 6300 kVA bo‘lgan kuch transformatoriga ega nimstansiyalar foydalanishga topshirildi.
«Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati va tuman sektor rahbarlari ishtirokida nimstansiyaga kuchlanish berildi.
M.Sulaymonov, O‘zA