“So‘nmas jasorat” – vatanparvarlik va mardlik haqida
Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan “So‘nmas jasorat” kitobi nashrdan chiqarildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda akademiya rahbariyati, tizim faxriylari, xizmat paytida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari, professor-o‘qituvchilar va yoshlar jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida elu yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida aziz jonini fido qilgan ichki ishlar xodimlarining xotirasi yod etildi. Ularning so‘nmas jasorati yillar o‘tgani sayin, bo‘lg‘usi avlodlarga hamisha ibrat namunasi bo‘lib kelayotgani aytib o‘tildi.
Kitobda Toshkentdagi sobiq militsiya maktablari, keyinchalik Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlab, respublikamizning turli hududlarida xizmat olib borgan, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ulkan matonat ko‘rsatib, qahramonlarcha halok bo‘lganlarning umr yo‘li yoritilgan.

Uni nashrga tayyorlashda shu kungacha chop etilgan xotira kitoblaridan farqli o‘laroq, hujjatli materiallardan unumliroq foydalanishga, jasorat sohiblari haqida kitobxonga ko‘proq ma’lumotlar berishga, ular ko‘rsatgan qahramonlikni sodda va ravon bayon etishga e’tibor qaratilgan.
Bundan tashqari, kitobdan elimiz ardog‘idagi shoirlarning Vatan, fidoyilik, mardlik, shijoat, insonparvarlik, ezgulikni ulug‘lagan she’rlari o‘rin olganki, bu ham yurtdoshlarimiz, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida daxldorlik tuyg‘ularini uyg‘otishi, shubhasiz.

Tadqimotda akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov, iste’fodagi general-mayor Tohir Mullajonov, Mirsamad Adilov, mualliflardan Quvonch Qodirov va boshqalar so‘zga chiqdi. Vatan oldidagi burchini munosib ado etgan o‘g‘lonlarimizni hamisha yod etish, ularning mardligi va jasoratini bugungi avlodga yetkazish, o‘sib kelayotgan yoshlarni yuksak vatanparvar etib tarbiyalash bugunning dolzarb vazifasi ekanligi, xotira kitobi ana shu yo‘ldagi xayrli ishlarning amaliy davomi bo‘lgani e’tirof etildi.


IIV akademiyasi Axborot xizmati