Somonpoyani yoqqan fermer jazolandi
Sirdaryo viloyati Guliston tumanida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan fuqaroga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi. G‘alladan bo‘shagan yerdagi somonpoyalarni qonunga xilof ravishda yoqib yuborgan fuqaro J.A. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi asosida javobgarlikka tortildi. Unga nisbatan 1 million 125 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima belgilandi.
Bundan tashqari, mutaxassislar tomonidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar iqtisodiy baholanib, uning miqdori 8 million 224 ming 515 so‘mni tashkil etdi.
Ekologik huquqbuzarlik holati Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Guliston tumani bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat reydi davomida aniqlangan.
Tekshiruv jarayonida “Mustafoqul Qudratov orzusi” fermer xo‘jaligiga qarashli “Beshbuloq” suv iste’molchilar uyushmasi hududidagi maydonda somonpoya qoldiqlari nazoratsiz ravishda yoqib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Bunday holat atmosfera havosi, tuproq tarkibi va tabiiy muhitga sezilarli darajada zarar yetkazadi.
– Ekologiya sohasi mutaxassislari tomonidan aholini bu kabi huquqbuzarliklardan ogohlantirish, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan profilaktik tadbirlar izchil davom ettirilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Guliston tumani bo‘limi davlat inspektori Fazliddin Tilabov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri