Soliq xizmati yangicha bosqichda
Prezidentimizning joriy yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida 1-iyuldan boshlab, soliq ma’murchiligi tizimida muhim va keng qamrovli o‘zgarishlar amaliyotga tatbiq etildi. Yangi tartib soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada soddalashtirish, uni hududlarda bevosita va samarali tashkil etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Unga muvofiq, endilikda bozorlar, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, xizmat ko‘rsatish sohasi sub’ektlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga soliq xizmatlari tegishli tuman va shahar soliq inspeksiyalari tomonidan bevosita ko‘rsatiladi.

Mazkur yangilanishlarni joylarda to‘liq va samarali amalga oshirish maqsadida Jizzax shahar soliq inspeksiyasida o‘quv seminari tashkil etildi. Unda viloyat soliq boshqarmasidan inspeksiya tizimiga biriktirilgan soliq xodimlari ishtirok etishib, yangi tartiblar bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashmoqda.

Seminar davomida sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan yangi soliq qonunchiligi talablari, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay va sifatli soliq xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlari, shuningdek, soliq ma’murchiligi jarayonida uchraydigan dolzarb masalalar va ularning amaliy yechimlari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berilmoqda.

Ta’kidlanganidek, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi har bir soliq xodimining kasbiy salohiyati va amaliy tajribasini yuksaltirish orqali soliq to‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, sohada ochiqlik va shaffoflikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri