“Soliq to‘lash kuni” nishonlandi
Xorazm viloyat soliq boshqarmasi tomonidan Gurlan tumanida soliq to‘lovchilar o‘rtasida “Soliq to‘lash kuni” aksiyasi tashkil etildi.
Aholining elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishini kengaytirish, soliq to‘lovlarini soddalashtirish hamda shaffoflikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan aksiyalar doirasida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy elektron xizmatlar orqali soliq to‘lashning afzalliklari keng tushuntirildi. Xususan, naqdsiz hisob-kitoblar orqali soliqlarni to‘lash vaqtni tejash, ortiqcha sarsongarchilikning oldini olish va inson omilini qisqartirish imkonini berayotgani alohida ta’kidlandi.
[gallery-28872]
– Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, aholining soliq madaniyatini yuksaltirish, ta’sirchan, o‘ziga xos va noan’anaviy targ‘ibot tadbirlari orqali soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash har bir inson uchun yuksak burch va mas’uliyat, degan tushunchani aholi ongida shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi, – deydi Gurlan tumani soliq inspeksiyasi inspektori Ravshanbek Rahimboyev. – Shu sabab, ko‘plab xorijiy davlatlar aholisining 90 foizidan ortig‘ida mol-mulk va yer soliqlarini o‘z vaqtida onlayn to‘lash ko‘nikmasi shakllangan. Bugungi kunda mamlakatimiz soliq tizimida aholiga raqamli va elektron xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada, aholining elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bugungi aksiya esa aholining bu boradagi xabardorligini yana oshiradi.

Aksiya jarayonida soliq organlari xodimlari tomonidan aholi gavjum hududlarda sayyor xizmat nuqtalari tashkil etilib, fuqarolarga elektron to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Shuningdek, soliq qarzdorligini aniqlash, uni onlayn tarzda bartaraf etish va shaxsiy kabinetlardan foydalanish tartibi bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi.
Tadbir davomida keng jamoatchilik, yoshlar hamda kichik biznes vakillarining faol ishtiroki kuzatildi. Bu esa raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, elektron to‘lov xizmatlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
– Men “Soliq.uz” mobil ilovasi hozirgi kunda nafaqat tadbirkorlar, balki oddiy fuqarolar uchun ham eng kerakli raqamli vosita ekanligini bildim, – deydi soliq to‘lovchi Yo‘ldosh Japaqov. – Uni telefonimga o‘rnatib oldim. Bu ilovada soliq qarzlarini nazorat qilish va to‘lash mumkin ekan. To‘lovlarning muddati, summasi, to‘lov tarixi barchasi mujassam. Endi zarurat bo‘lganda STIR (INN) qog‘ozini qidirib yurish shart emas, u ilovada elektron shaklda doim tayyor turadi. Bundan tashqari, ish joyingizdan oladigan ish haqi va to‘langan daromad solig‘i haqidagi ma’lumotlarni yuklab olishingiz ham mumkin. “Keshbek” tizimi esa fuqarolar foydali ilova ekan.

Bunday aksiyalar nafaqat soliq tushumlarini oshirishga, balki aholi o‘rtasida moliyaviy va huquqiy savodxonlikni yuksaltirish, shuningdek, soliq madaniyatini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, elektron to‘lov tizimlarining ommalashuvi yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qiladi.
Mazkur aksiya viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari