Soliq qo‘mitasi AI SOLIQ platformasini ishga tushirdi
Soliq qo‘mitasida «AI SOLIQ – sun’iy intellekt asosidagi yangi avlod raqamli platformasi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi rahbariyati va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar doirasida Soliq qo‘mitasi tomonidan AI SOLIQ platformasining ishga tushirilishi soliq ma’muriyatchiligini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Endilikda ai.soliq.uz platformasi orqali tadbirkorlar, buxgalterlar va tashkilot rahbarlari sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda soliq ma’lumotlarini real vaqt rejimida tahlil qilish, huquqiy tushuntirishlar olish hamda o‘z faoliyatiga oid ma’lumotlarga tezkor ega bo‘lish imkoniyatiga ega. AI SOLIQ platformasi interaktiv chat shaklida ishlaydi. Foydalanuvchilar bir necha soniya ichida korxona faoliyatini tahlil qilishi, elektron hisobvaraq-fakturalarning yuqori xavf («qizil») toifasiga tushish sabablarini aniqlashi, soliq reytingi, amaldagi soliq imtiyozlari, hisobotlar va soliq ma’muriyatchiligiga oid boshqa masalalar bo‘yicha tezkor hamda amaliy javoblar olishi mumkin.
AI SOLIQ nafaqat soliq to‘lovchilar uchun raqamli maslahatchi, balki Soliq qo‘mitasida ishlab chiqilgan sun’iy intellekt yechimlarini yagona tizimga birlashtirgan innovatsion platforma ham hisoblanadi.
–Platformaning «AI Korxona» xizmati korxonaning soliq holatini kompleks tahlil qilib, muammoli jihatlarni aniqlaydi, ularning ehtimoliy sabablarini ko‘rsatadi hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi, – deydi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev. – Bu tadbirkorlarga davlat organlariga murojaat qilmasdan turib, o‘z faoliyatini mustaqil baholash imkonini yaratadi. «AI Imtiyoz» xizmati esa soliq to‘lovchi foydalanishi mumkin bo‘lgan imtiyozlarni aniqlaydi, ularni qo‘llash shartlarini tushuntiradi hamda avval rad etilgan murojaatlar sabablarini tahlil qiladi. «AI Hisobot» xizmati sun’iy intellekt asosida soliq hisobotlarini tahlil qilib, taqdim etilishi lozim bo‘lgan hisobotlar, ularning muddatlari, ehtimoliy xatolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etadi. Ayni paytda «AI Murojaatlar» va «AI Yordamchi» intellektual xizmatlarini yaratish ishlari ham yakunlanish arafasida bo‘lib, ular yaqin vaqtlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, platformani ishlab chiqishda axborot xavfsizligiga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Barcha AI yechimlari himoyalangan axborot muhitida ishlaydi, soliq va shaxsiy ma’lumotlar tashqi platformalarga uzatilmaydi, tizimga kirish huquqlari qat’iy nazorat qilinadi.
[gallery-30640]
Shu bilan birga, sun’iy intellekt tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar inson nazorati ostida qo‘llaniladi. Yuridik ahamiyatga ega qarorlar esa faqat mas’ul mutaxassislar tomonidan qabul qilinadi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt inson mehnatini almashtirish uchun emas, balki uning samaradorligini oshirish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqaruv qarorlari sifatini yuksaltirish maqsadida joriy etilmoqda.
Bugungi kunda AI texnologiyalari nafaqat soliq to‘lovchilar uchun mo‘ljallangan raqamli xizmatlarda, balki soliq organlarining ichki faoliyatida ham keng qo‘llanilmoqda. Ular katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, xavflarni baholash va samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish imkonini bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishdagi ishlar joriy yil boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda ushbu laboratoriya soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, innovatsion raqamli xizmatlarni yaratish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan AI yechimlarini ishlab chiqish bo‘yicha asosiy markaz sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA