Soliq intizomini mustahkamlash dolzarb vazifa
Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada shaffoflashtirish, yashirin aylanmalarni qisqartirish hamda soliq intizomini mustahkamlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Buxoro viloyati soliq organlari tomonidan noqonuniy faoliyat va yashirin iqtisodiyot holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va elektron ma’lumot almashish tizimlaridan samarali foydalanish orqali qator qonunbuzilishlar o‘z vaqtida fosh etilmoqda.

Jumladan, Vobkent tumani Arabxona mahallasida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor o‘z faoliyatini rasman to‘xtatgandek ko‘rsatib, aslida biznesini yashirin ravishda davom ettirishga uringan. Biroq, elektron kuzatuv tizimlari orqali o‘tkazilgan tahlillar natijasida korxonaning elektr energiyasi sarfi avvalgi oylarga nisbatan o‘zgarmagani aniqlandi. Bu holat tadbirkorning faoliyatini yashirin tarzda olib borayotganini ko‘rsatdi. Natijada u o‘z xatosini tan olib, qonuniy faoliyatini tiklash choralarini ko‘rdi.
Yana bir holatda esa, tumandagi umumiy ovqatlanish korxonalaridan biri hisobotida 10 nafar ishchi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, joyiga chiqib o‘rganishlar davomida yana 5 nafar norasmiy ishchi mehnat qilayotgani aniqlandi. Soliq xizmati xodimlari tomonidan tadbirkorga ushbu xodimlarni rasmiylashtirish, qonun talablariga muvofiq hisobotni qayta taqdim etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.

Bu kabi misollar soliq organlarining faqat jazolovchi emas, balki tadbirkorlarga hamkor va maslahatchi sifatida faoliyat yuritayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bugungi yondashuv orqali qonunbuzilishlarni jazolashdan ko‘ra, ularning oldini olishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq bazasini kengaytirish va adolatli raqobat muhitini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat byudjeti daromadlarini oshirishga zamin yaratadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.