Soliq borasida yana qanday o‘zgarish va yangiliklar kutilmoqda?
Prezidentimizning 2020 yil 3 apreldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i bo‘yicha berilgan ba’zi soliq imtiyozlari doimiy qoida sifatida cheklanmagan muddatga Soliq kodeksida o‘z aksini topdi.
Xo‘sh, soliq borasida yana qanday o‘zgarish va yangiliklar kutilmoqda?
Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Olim SAIDOV bu haqda quyidagilarni so‘zlab berdi.
– 2021 yil 1 yanvardan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 milliard so‘mdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qo‘llaydigan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari uchun soliq davri har chorak etib belgilandi, – deydi O.Saidov. – Foyda solig‘i to‘lovchilari joriy chorakda kutilayotgan hajmlardan kelib chiqib, foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlar summasi to‘g‘risida chorak birinchi oyining 10-kunigacha ma’lumotnoma taqdim etish huquqiga ega.
Shu bilan birga, 2021 yilda ham ayrim choralarni qo‘llash davom etadi. Unga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda soliq hisobotlari besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatda kechiktirilganligi uchun soliq to‘lovchilarga jarima solinmaydi.
Aylanmadan olinadigan soliq tatbiq etilmaydigan soliq to‘lovchilar safi kengaytirildi. Xususan, endilikda alkogol mahsulotlari, shu jumladan, pivoni chakana sotish uchun turg‘un savdo shaxobchalari, shuningdek, bozorlar va savdo markazlari, umumiy daromad miqdoridan qat’iy nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi.
Rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytirildi. Aksiz soliq to‘lovchilariga ham aniqlik kiritilmoqda, xususan, yakuniy iste’molchiga sotiladigan import qilingan aksiz to‘lanadigan tovarlar, masalan, benzin, dizel yoqilg‘isi, suyultirilgan va siqilgan gaz o‘z ehtiyojlari uchun ishlatilganda, ushbu tovarlarni o‘z ehtiyojlari uchun olib kirishni amalga oshirgan shaxslar soliq to‘lovchilari hisoblanadi.
Endilikda aksiz to‘lanadigan tovar, xizmatlarning ro‘yxati va ular uchun stavkalar Soliq kodeksida belgilandi. Uyali aloqa xizmatlarining aksiz solig‘i stavkasi 25 foizdan 15 foizgacha pasaytirildi.
Foyda solig‘i yuzasidan ham 2021 yil 1 yanvardan boshlab Soliq kodeksining ba’zi modda va bandlariga muvofiq kelib tushgan mablag‘lar hisobidan olingan, sotib olingan mol-mulk, soliq va bojxona imtiyozlari berilganligi natijasida bo‘shagan mablag‘lar hisobidan olingan yoki barpo etilgan mol-mulk amortizatsiya aktivlari sifatida tan olinmaydi va amortizatsiya qilinmaydi.
Shuningdek, soliq to‘lovchi keyingi hisobot davrlarida amortizatsiya qilinadigan aktivlar qiymatini qayta baholashni amalga oshirsa, uning natijasi amortizatsiya ajratmalarini hisoblashda soliq maqsadlari uchun hisobga olinmaydi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning qiymati ularni qayta baholashni hisobga olmagan holda dastlabki qiymatidan hisoblangan amortizatsiya to‘lovlari orqali hisoblanadi.
Bunda 2021 yil 1 yanvardagi buxgalteriya ma’lumotlariga asosan soliq to‘lovchida mavjud bo‘lgan, avval amalga oshirilgan qayta baholashni hisobga olgan holda amortizatsiya qilinadigan aktivlar qiymati soliq solish maqsadida boshlang‘ich qiymat hisoblanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, shuningdek, chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, mehnat staji hisoblanishi uchun yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashi lozim.
Soliq kodeksining 415-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan ob’ektlarga nisbatan pasaytirilgan soliq stavkasini 0,2 dan 0,4 foizga oshirish yo‘li bilan yuridik shaxslar uchun pasaytirilgan soliq stavkasini bosqichma-bosqich bazaviy stavkaga yetkazish davom ettiriladi.
Yangiliklardan yana biri ko‘p qavatli uy bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan avtomashina to‘xtash joylari jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ob’ektiga kiritilmoqda.
Ma’lumki, yurtimizda juda ko‘pchilik qishloq xo‘jaligi ishlari bilan shug‘ullanadi. Bu bo‘yicha ham soliqlarda o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun meva-sabzavot mahsulotlari egallagan yerlar bo‘yicha, shuningdek, dehqon xo‘jaliklarining sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlari uchun qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatidan kelib chiqqan holda yer solig‘i to‘lash tartibi joriy etiladi.
Baliqlarni ko‘paytirish uchun samarasiz foydalaniladigan sun’iy suv havzalari egallagan yerlarga nisbatan yuqori soliq stavkalarini belgilash va yer solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlarini bekor qilish choralari qo‘llaniladi.
Ilgari soliq imtiyozlari berilgan alohida ob’ektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan soliq stavkasining kamaytiruvchi soliq koeffitsiyenti 0,1 dan 0,25 ga oshirilayapti.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun sun’iy suv havzalarida baliq yetishtiruvchi baliqchilik xo‘jaliklari soliq bazasi tabiiy va sun’iy suv havzalaridan olingan, ushbu suv havzalariga qaytarib quyiladigan suv hajmining farqiga qarab aniqlanadi. Soliq solish ob’ekti va soliq stavkasi turli bo‘lgan bir necha turdagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar bunday faoliyat turlari bo‘yicha alohida-alohida hisob yuritishlari shart va tegishli soliq stavkalari bo‘yicha soliq to‘lash tartibi kiritilmoqda.
Qurilish qumlari, qum-shag‘al aralashmasi, qumtoshlar, qurilish mayda toshlari, qurilish mayda toshlari kabi foydali qazilmalar uchun 5 foiz miqdorida, biroq 1 kub.m uchun 7 500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda yagona soliq stavkasi belgilandi.
Soliq sohasida imtiyozlar ham belgilanyapti. Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari, yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun taqdim etilgan imtiyozlar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadigan tarifga muvofiq shahar yo‘lovchi transport xizmatlariga va jamoat yo‘lovchi transportiga nisbatan qo‘llaniladi.
Barcha turdagi chiqindilarni saqlash va ulardan foydalanish uchun ajratilgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i solish ob’ektidan chiqarib tashlandi. Har qanday turdagi suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan yer uchastkalari uchun yuridik shaxslardan yer solig‘i undirilmaydi.
Kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalaniladigan suv resurslari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq solish ob’ektidan chiqarib tashlandi.
Imtiyozlar berilishi ba’zan ko‘pchilikni quvontirsa, ba’zi tashkilotlar uchun qo‘llanilgan imtiyozlar turli noroziliklarga sabab bo‘ladi. Ammo har bir qarorning mohiyatida bir sabab, maqsad yotadi. Ehtimol, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida choralar ko‘rilgan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsada, endilikda “Ipoteka bank” ATIB, Xalq banki va “Mikrokreditbank” uchun taqdim etilgan ba’zi soliq imtiyozlari bekor qilindi.
Barcha sohalar qatori soliq tizimida ham islohotlar amalga oshirilyapti. Qachondir imtiyozlar berilsa, qaysidir hollarda ba’zi soliq turlari ko‘tariladi. Har bir amaliyot davlat rivoji uchun xizmat qilishi kerak. Agar u belgilangan vaqtda o‘zini oqlamasa, bu kabi amaliyotdan voz kechiladi.
O‘zA muxbiri
Barno Meliqulova
yozib oldi.