Solijon Sharipov: Har bir inson sayyoramizni yuksakdan turib ko‘ra olish imkoniga ega bo‘lishini istardim
Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” va “Amir Temur” ordenlari sovrindori, kosmonavt Solijon Sharipov bilan suhbat.
Solijon Sharipov 1990 yil 36 yoshida sobiq ittifoq kosmonavtlari bo‘linmasiga saralab olingan. U kema komandiri sifatida parvozlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha to‘liq kursni tamomlagan. Qizig‘i shundaki, Solijon Kosmonavtlarni tayyorlash markazidagi faoliyatidan uzilmasdan turib, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining «Aerokosmoekologiya» fakultetini tugatgan.
U 1997 yil yozda AQSHda SpaceShuttle tizimini ko‘p marta qo‘llaydigan kemada parvozga tayyorgarlik kursini tamomlaydi. Yarim yildan so‘ng Kanaveral burnidan «Endeavour» kosmik kemasida parvozni amalga oshiradi. Parvoz paytida Rossiyaning “Mir” orbital majmui bilan tutashuv amalga oshiriladi. O‘sha paytda Solijon koinotga parvoz qilganlar orasida eng yoshi bo‘lgan.
Solijon Sharipov ikkinchi kosmik parvozini «Soyuz TMA-5» kosmik kemasi komandiri sifatida amalga oshirgan. Iqtidorli o‘zbek o‘g‘loni Amerikaning NASA kosmik agentligining «Kosmik parvozi uchun» medali bilan taqdirlangan.
Solijon Sharipov O‘zbekistondagi Xalqaro aerokosmik maktabi ta’sischilaridan biri hisoblanadi. Ushbu maktab o‘zbekistonlik yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Shavkat Vohidov va hamyurtimiz uchuvchi-kosmonavt Vladimir Jonibekov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Maktab manzarali tog‘lar etagida, Chotqol tizmasidagi Qizilsoy daryosi yonida joylashgan. Ta’kidlash joizki, aerokosmik maktabga faqat aniq fanlar bo‘yicha olimpiada g‘olib va sovrindorlari taklif etiladi. Qabul mavsumi ikki hafta davom etadi. Unda O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan 40 nafar yigit ishtirok etadi. O‘tgan yillar davomida yoshlar akademiyasida O‘zbekiston hamda yaqin va uzoq xorijiy mamlakatlarning yuz nafardan ortiq yosh iste’dodlari shug‘ullangan. Pokiston, Malayziya, Moskva ostonasidagi Zvezdnoy shaharchasida ham shu kabi maktablar ochilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi Xalqaro aerokosmik maktabi o‘qituvchilari va kursantlari ana shu maktablarga uchirma qilingan. Sobiq bitiruvchilar muhandislik, konstruktorlik kabi kasblarni tanlab olim, aviaraketa modellashtirish bo‘yicha murabbiy va instruktorlar bo‘lishgan.
Doim jilmayib turadigan, samimiy, birinchi o‘zbek kosmonavtini O‘zbekistonda xuddi kosmonavt Yuriy Gagarin kabi kutib olishadi.

– Solijon Shokirovich, harbiy xizmatdan qaytgan yosh yigit shoshgancha yoqtirgan qiziga qo‘ng‘iroq qilishga shaylanib, uning telefon raqami o‘rniga o‘z avtomatining raqamlarini tera boshlagani masal emas, balki hayotiy voqeadir. Aytingchi, siz uchun 375 va 88 raqamlari nimani anglatadi?
S.Sharipov: – Men Sovet Ittifoqi va Rossiyaning 88-, dunyoning 375-kosmonavtiman. Yuriy Alekseyevich Gagarindan boshlab deyarli 550 nafar kosmonavt koinotga parvoz qildi. Yu.Gagarin Sovet Ittifoqining birinchi kosmonavti bo‘lsa, men 88-ekanligimdan baxtiyorman. Buyuk olim Mirzo Ulug‘bek ham Samarqand osmonida 88 ta yulduz turkumini kashf etgan.
– Siz Amerikaning «Shattl» kosmik kemasida ilk parvozingizni amalga oshirgansiz, ikkinchi parvozingiz esa Sovet Ittifoqida bo‘lgan. Rossiya uchuvchi-kosmonavti unvoni bilan ham taqdirlangangansiz, shular haqida aytib bersangiz.
S.Sharipov: – Ha, men 1998 yilda SpaceShuttleIndevor kosmik kemasida ilk parvozimni amalga oshirganman. O‘shanda 34 yoshda edim. Kema komandiri sifatida uzoq parvozlarga tayyorgarlik ko‘rganman. Rossiya-Amerika hamkorligidagi «Mir-Shuttle» dasturi boshlandi. O‘sha paytda «Mir» stansiyasiga uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Amerika ekipajining “Mir” stansiyasiga uchishiga yarim yil qolganda, menga ekipajga qo‘shilib, ular bilan parvoz qilishni taklif etishdi. Gap shundaki, men boshqa kosmonavtlar bilan birga ingliz tilini o‘rganayotgan edim va ular orasidan meni tanlab olishgan. Parvozga olti oy qolgani va stansiyada rus tilida gaplashadigan yigitlar bo‘lmagani bois, meni Amerika ekipajiga qabul qilishdi. Shu tariqa men kosmosga birinchi parvozimni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim.
– Siz Qirg‘izistonda tug‘ilib Rossiyada ta’lim olgansiz, amerikalik astronavtlar bilan birga kosmosga uchgansiz. Faxrli tomoni – o‘zbek farzandisiz. Aytingchi, O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlarni kuzatib borasizmi? Toshkentga qancha vaqtda kelasiz, O‘zbekistondagi aerokosmik tadqiqotlar maktabi tinglovchilari bilan uchrashib turasizmi? Qayerda yoshlar bilan o‘z tajribangizni o‘rtoqlashasiz?
S.Sharipov: – Men Toshkentga, Andijonga ko‘p borib turaman, Xalqaro kosmik stansiyadagi yigitlar bilan radiohavaskorlik aloqasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqdim. Xalqaro aerokosmik maktabi asos solingan 90-yillardan boshlab har yili Toshkentga borib turaman, yoshlar oldida chiqishlar qilaman, kosmik parvozlar, stansiya bortida o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlar haqida ularga so‘zlab beraman. Men bilan hamkasblarim, ko‘plab kosmonavtlar ham birga borishadi. Men nafaqat aerokosmik maktabi, balki universitetlar, institutlar va maktablarda ham bo‘laman. Har safar borganimda, kosmonavtikaga qiziqqan, koinotga parvoz qilishni istaydigan yoshlarni ko‘rish menga yoqadi. bugungi kunda O‘zbekiston rivojlanib bormoqda va butun dunyo unga butunlay boshqacha nigoh bilan qaramoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston eng farovon mamlakatlar qatoridan joy olishi, xalqi boshqalardan kam bo‘lmasligi uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Barcha ishlar, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, maktablar va universitetlarni rivojlantirish, yoshlar ma’lumotli va eng zo‘r bo‘lishiga qaratilgani ko‘rinib turibdi. Men bundan juda xursandman. O‘zbekiston va butun dunyo ko‘rib turgan bu sa’y-harakatlar va qaratilayotgan e’tibor mamlakatimizni dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishiga xizmat qilishi tilakdoshiman va bunga ishonaman. Chunki bizning mehnatsevar xalqimiz bor. Agar sharoit yaratilsa, biz bularning barchasini amalga oshirishga imkon topamiz. Talabalar va o‘quvchilarga e’tibor bilan yondashayotgan ustoz va o‘qituvchilarga tashakkur. Hozir hamma narsa o‘zgarmoqda, maktablarga zamonaviy texnologiyalar kirib kelmoqda. Aminmanki, bularning barchasi oldinga intilishimizga yordam beradi.
– Siz 1995 yilda Moskvadagi Rossiya neft-gaz universitetining aerokosmoekologiya fakultetini tugatgansiz. Ayni damda, ekologik menejment magistri, O‘sh universitetining faxriy professorisiz. Aytingchi, ekologiya muammosi yerdagi kabi koinotda ham shu qadar dolzarbmi, hatto samoda ham bu masala bilan shug‘ullanishmoqda?
S.Sharipov: – Koinotda ham muammolar talaygina – o‘z asrini yashab bo‘lgan ko‘plab sun’iy yo‘ldoshlar uchib yuribdi. Aerokosmoekologiya – Yerdagi ekologiya haqidagi fandir. Afsuski, insoniyatning atrof-muhitni ifloslantirayotgani, tabiatga nisbatan yomon munosabatda bo‘layotgani, ishlab chiqarishning og‘ir oqibatlari koinotdan yaxshiroq ko‘rinadi. Bular muzlarning erishi, yong‘inlar, favqulodda vaziyatlarda namoyon bo‘ladi. Odamzot tabiiy rusurslariga nisbatan yomon munosabatda bo‘lmoqda. Biz bularning barchasini qayd etib boramiz. Bularni o‘rganish, aniqlashtirish, koinotdan turib olimlar bilan ishlash bo‘yicha o‘qiganmiz. Bu bitta yo‘nalish.
Biz koinotda ilm-fan bilan shug‘ullanamiz – bu fundamental ilmiy tadqiqotlardir. bugungi kunda sayyoramizni himoya qilish to‘g‘risidagi fan birinchi o‘ringa chiqmoqda, shu bois mening Gubkin (I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft-gaz universiteti)da olgan bilimlarim faoliyatimda katta yutuq bo‘ldi. Biz olimlar bilan birga ko‘plab foto-videosuratlarni oldik. Garchi ko‘zga ko‘rinmasa-da, biroq yuz beradigan anomal hodisalarni aniqlash uchun ma’lum ilmiy uskunalardan foydalandik. Ular ko‘zga ko‘rinmas narsalarni ham ilg‘ay oladi va bu nafaqat ilm-fanga, balki amaliy faoliyat uchun, favqulodda hodisalarni prognozlashda katta foyda keltirdi. Ko‘pchilik Yerda sezmaslikka harakat qiladigan, biroq ko‘rinadigan ifloslanishlar bo‘yicha ko‘plab suratlarni oldik.
– Siz Moskva ostonasida yashab, kosmik tadqiqotlar markazida ishlaysiz, Boyqo‘ng‘irga parvoz qilasiz. Doim ishdasiz. Qadrdon O‘zganni sog‘inmadingizmi? Vataningiz, yaqinlaringiz haqida so‘zlab bersangiz.
S.Sharipov: – Albatta, kasbim juda qiziqarli. O‘z vaqtida ko‘p o‘qiganim uchun Yuriy Gagarin nomidagi kosmonavtlarni tayyorlash markazida ishlash men uchun maroqli. Ayni paytda yosh kosmonavtlarni o‘qitayapman. Kosmonavtlarni tayyorlash markazi huzurida yoshlar ta’lim kosmomarkaz ham tashkil etganman.
Shunday bo‘lsa-da, vatanimga, qadrdon O‘zgan shahriga borishni kanda qilmayman, u yerda ham maktab o‘quvchilari bilan uchrashaman. Qirg‘izistondagi uchta maktab mening nomim bilan ataladi. Shuningdek, turli mehnat jamoalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazaman. Koinotdagi parvozni, Yerda yuz berayotgan barcha jarayonlarni qanday ko‘rib turishim va qanday yordam bera olishim haqida tinglash yurtdoshlarim uchun juda qiziq.

O‘zganda qarindoshlarim, aka-ukalarim, opa-singillarim yashaydi. Afsuski, onam – 2000 yilda, otam – 2013 yilda olamdan o‘tib ketdi. 4 akam, 2 singlim bor. Ular O‘zgan shahrida yashaydi. Andijon, Farg‘ona, Toshkentda ham qarindoshlarim ko‘p. Mening har bir tashrifim – sinov. Har safar qarindoshlarnikiga borib, bir dasturxon atrofida o‘tirish kerak. Ular bizni palov bilan mehmon qilishadi. Biz esa parhez tutishimiz kerak. O‘zbek taomlari juda mazali va hammasidan totib ko‘rgingiz keladi Shu bois, har safar mehnat ta’tilidan so‘ng vaznim ortadi. Garchi maktabda 10 yil birga o‘qigan sinfdoshim, rafiqam Nasiba pazanda bo‘lsa-da, O‘zbekistonda, ona yurtimda noz-ne’matlar bo‘lakcha. Shuning uchun oilamiz bilan o‘z yurtimizga borishni yoqtiramiz.
– Solijon Shokirovich, rus, fransuz, slovak, yapon, amerikalik kosmonavt va astronavtlar bilan ekipajlarda qo‘shimcha tarkibda bo‘lgansiz, hatto ayrimlari bilan koinotga ikki marta parvoz qilgansiz. Tabiiy savol tug‘iladi: ekipajda ikkinchi o‘zbek kosmonavti qachon bo‘ladi?
S.Sharipov: – Albatta, men ham buni kutyapman. Yigitlarimiz boshqalardan qolishmaydi. Biz o‘zbeklar ilm-fan, texnologiyalar bilan shug‘ullanib, koinotga parvoz qilishda hech kimdan kam emasligimizni butun dunyoga isbotlashimiz kerak. Buning uchun ulkan ilmiy dastur talab qilinadi va ehtimol O‘zbekkosmos – kosmik agentligi ham tuzilishi kerak. Chunki bir paytlar ulkan salohiyat bor edi, Toshkent va boshqa shaharlarda mutaxassislar hali ham qolgan. Va albatta, koinotga parvoz qilish katta moliyaviy xarajatlarni talab etadi va davlat ishtirokisiz bu qiyin. O‘zbekistonni kosmik tadqiqotlarga jalb qilish masalalari hal etilishi va ikkinchi kosmonavtning ham parvoz qilish vaqti kelgani to‘g‘risida qaror qabul qilinishi bilan, menimcha ikki yil ichida bu narsa sodir bo‘ladi. Va albatta, yigitlar, ehtimol, qizlar, olim, shifokor, uchuvchini saralab olish kerak bo‘ladi. Saralab olinganidan so‘ng, bu yerda ham tanlov bo‘ladi. Biz bir yil mobaynida ularni qisqa parvozga tayyorlab, uchishga yuborishimiz mumkin.
– Siz 2000 yil iyun oyidan boshlab “Mir” orbital stansiyasi ekspeditsiyasida asosiy ekipaj komandiri sifatida tayyorgarlikdan o‘tdingiz, biroq yarim yildan so‘ng idoralararo komissiya qarori bilan ekipajingiz tayyorgarlikdan chiqarildi. Buning sababi nimada?
S.Sharipov: – Men «Mir» orbital stansiyasiga parvoz qilgan ekipajlarga komandir sifatida ko‘p marta qo‘shimcha tarkibda ishtirok etganman. Pavel Vinogradov bilan birga parvoz qilish navbati yetganda, “Mir” stansiyasini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Chunki o‘sha paytda Xalqaro kosmik stansiyaning parvozi boshlangandi va bizning parvozimiz bekor qilindi. Men Xalqaro kosmik stansiyaga parvoz qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladim. O‘shanda SpaceShuttle kemasida avariya sodir bo‘ldi, men Xalqaro kosmik stansiyaга 6-ekipaj bilan birga uchishim kerak edi. Biroq Xalqaro kosmik stansiyaга 10-ekspeditsiyada uchishimga to‘g‘ri keldi. Mening koinotga ikkinchi parvozim 193 kun davom etdi.
Qo‘shimcha tarkibda bir necha bor qatnashgandan so‘ng, ko‘proq bizni asosiy ekipajga o‘tkazishadi. Barcha imtihonlar, mashg‘ulotlar, tadqiqotlar muvaffaqiyatli o‘tdi. Uchish navbatimiz yetganda, orbitada Xalqaro kosmik stansiyaning birinchi modullari mavjud bo‘lgani va o‘sha paytda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy masalalardan qiyinchiliklari bo‘lgani sababli, Rossiya hukumatining “Mir” orbital stansiyasini to‘xtatish va barcha kuchlarni Xalqaro kosmik stansiyasidagi parvozlarga yo‘naltirish to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Biz ana shu bois Xalqaro kosmik stansiyasi parvozlari dasturiga o‘tdik va “Mir” orbital kompleksi 15 yillik ekspluatatsiyadan so‘ng suvga cho‘ktirildi.
– 2005 yil 24 aprelda bortida siz va ikki nafar amerikalik astronavt bo‘lgan apparat Xalqaro kosmik stansiyasidan chiqarildi. Qo‘nish Qozog‘istonning Orqaliq shahridan 93 kilometr shimoli-sharqiy hududda amalga oshirildi. Qurilma yerga qo‘nganda, nimalarni his qilgansiz?
S.Sharipov: – Koinotda olti yarim oy ishlab, ilmiy dasturni to‘liq bajarib, stansiyani keyingi ekipajga sog‘-omon topshirish – eng baxtli onlar hisoblanadi. Har bir kosmonavt orbitada ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganidan ma’naviy qoniqish va faxr his etadi. Albatta, birinchi parvoz ikkinchisidan ko‘ra muhimroq. Birinchi parvozda sening maktab davridan buyon intilgan orzuing amalga oshadi. Ikkinchi parvozda esa professional kosmonavt ekaning va koinotda boshqalar – buyuk kashfiyotchilar bilan baravar parvoz qila olishing namoyon bo‘ladi. Ikkinchi parvoz vaqti yetganda, bu haqda o‘ylaymiz, chunki parvoz – juda qiziqarli va maroqli. Men har bir yerlik sayyoramizni yuksakdan turib ko‘ra olish imkoniga ega bo‘lishini istardim. Haqiqatan ham, vaznsizlik holatini his etish – bu butunlay o‘zgacha tuyg‘u. Buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi.
– Siz ikki marta ochiq koinotda bo‘lgansiz – 5,5 soat va 4,5 soat. Cheksizlikda nimani his etgansiz? Hamyurtingiz Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi” nomli ajoyib roman yozgan. Aytingchi, buyuk yozuvchining xayoloti va tasavvuri nechog‘lik haqiqatga to‘g‘ri keladi?
S.Sharipov: – Ochiq koinotda ishlash – hamma kosmonavtning ham qo‘lidan kelmaydi. Koinotga parvoz qilgan 500 nafardan ortiq kosmonavt orasidan 100 nafarga yaqini ochiq koinotga chiqqan bo‘lsa kerak. Stansiyadan tashqarida bo‘lish ham jismonan, ham ma’nan, ham ruhan katta mashaqqat. Bunda hayoting o‘zingga bog‘liq bo‘ladi. Bitta xato bilan cheksizlik stansiyadan uchib ketish va abadiy yo‘qolish mumkin. Albatta, bu paytdagi hissiyotlar ham o‘zgacha bo‘ladi. Bu kema ichidan turib, illyuminator orqali Yerni kuzatishdagi hissiyotlardan boshqacha. Stansiyadan tashqarida bo‘lish, boshqacha ko‘rinish, boshqa hissiyotlar. Sen qanday vazifani bajarayotganingni bilasan – buni ta’riflab bo‘lmaydi. Buyuk yozuvchi Chingiz To‘raqulovich hayotimizning barcha jihatlarini chuqur his etgan. Uning yordamida ko‘p odamlar ma’lum bir vaziyatda inson boshdan kechirishi mumkin bo‘lgan his-tuyg‘ularni bilib oldi. Albatta, u adabiyotimizni, hayot haqidagi bilimlarimizni boyitdi, va men bu insonni bilganim uchun taqdirdan minnatdorman. Biz u kishi bilan do‘st edik, turli tadbirlarda birga bo‘lganmiz. Bishkekka kelganimda, u hamisha meni mehmonga taklif qilardi. Biz birga tog‘larga chiqardik, ko‘p suhbat qurardik, tunlari daryo bo‘yidagi gulxan atrofida suhbatlashardik. U insoniyat uchun buyuk asarlar yaratgan buyuk inson, buyuk yozuvchidir.
– Esimda, 1990 yil, siz parvozda paytingiz Markaziy Osiyolik bir o‘smir Yerdan turib siz bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan. U kim edi? Shu o‘spirin va u kabi intiluvchan yoshlar bilan aloqalaringiz haqida so‘zlab bersangiz.
S.Sharipov: – Men koinotda bo‘lgan paytim ko‘plab maktab o‘quvchilari bilan suhbatlashganman. Bizda internet orqali ham bog‘lanish imkoni bo‘lgan. Telefon, radioaloqa orqali juda ko‘p do‘stlarimiz – maktab o‘quvchilarimiz bo‘lgan. Men ular bilan hozir ham muloqot qilib turaman. Ko‘p yigitlar shu sohadagi bilim yurtiga o‘qishga kirdi, ular ham bir kun kelib uchish imkoni nasib etishini orzu qilishadi. Nafaqat O‘zbekistondan, balki Qirg‘iziston, Amerika, Malayziya, Hindiston, Rossiyadan ham ko‘p yoshlar, havaskorlar biz bilan bog‘langan. Shunday qilib, mening juda ko‘p uchrashuvlarim bo‘lgan.
– Aytingchi, parvoz payti hatto bugungi kunda ham izohlab bo‘lmaydigan g‘ayrioddiy hodisalarning guvohi bo‘lgansiz?
S.Sharipov: – Biz Xudoga ishonsak-da, materialistmiz, va albatta ilmiy bilimlarga qarshi chiqolmayman. Ammo Qur’onda yozilgan narsalarga hayratlanmay iloj yo‘q. Bundan bir yarim ming yil oldin hammasi Qur’onda yozilgan. Koinotda ishlab boshqa dunyolar, begona sivilizatsiyalar, ularni yaratgan g‘ayrioddiy kuch borligini his etasiz, albatta. Va albatta, hatto Yerdaligimizda ham ko‘ra olishimiz, his eta olishimiz uchun hayratlanishdan to‘xtamasligimiz kerak. O‘simliklar ham, hayvonlar ham, biz ham – hammamiz muayyan qonunlarga ko‘ra yaratilganmiz. Va faqat odamlar (xomo sapiyens) bularning barchasini boshqarishimiz, sevishimiz, asrashimiz, avlodlarimizga yetkazishimiz kerak. Chunki hayot biz bilan tugamaydi va yerliklar bajara olmaydigan ko‘p ishlarning vaqti yaqinlashayotgani bois, biz bugun sayyoramiz haqidagi qarashlarimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.
– Siz akademik Shavkat Vohidovni yaxshi tanigansiz. Ushbu olim haqida, Toshkent ostonasidagi siz ham ta’sischilaridan biri bo‘lgan “kichik yulduzlar akademiyasi” to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.
S.Sharipov – Shavkat Ahadovich Vohidov – Sovet Ittifoqida kosmonavtikani rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan olim. U Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosiga rahbarlik qilgan, Sharof Rashidov bilan yaqin ishlagan. Uning davrida ko‘plab kosmik ob’ektlar qurildi, afsuski ular bugungi kunda to‘xtab qolgan. U kosmik parvozlar, astronomiya, fan va texnologiyalar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Barcha konstruktorlik byurolarining Moskva va Rossiyaning boshqa shaharlarida ishlagan bosh konstruktorlari uni yaxshi bilishgan. Shavkat aka juda obro‘li inson edi. Umid qilamanki, u bajargan ishlar yoshlarimizning kelgusida kosmik makonni o‘zlashtirishni yanada rivojlantirishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
– Sovet kosmonavtlarida shunday an’ana bor edi: koinotga parvoz qilgandan so‘ng buyuk Mirzo Ulug‘bek xotirasini sharaflash uchun albatta Samarqandga kelib, u barpo etgan rasadxonani ziyorat qilishardi. Aytingchi, Mirzo Ulug‘bekning 15-asrda yozilgan “Ziji Ko‘ragoniy” asari bugungi zamonaviy astronomiya, aerokosmikada nechog‘li dolzarb?
S.Sharipov: – Mirzo Ulug‘bek bobomiz haqida juda ko‘p gapirish mumkin. Tan olish kerak, o‘sha an’ana to‘xtab qoldi, ammo har safar aerokosmik maktabiga kelganimizda albatta, Samarqandga borishga harakat qilamiz. Shu kunlarda 15 nafar qahramon kosmonavtika muzeyini ochish uchun Toshkent shahriga, Jizzax viloyati Gagarin shahriga boradi. U yerda kosmik makonni o‘zlashtirishda O‘zbekistonning qo‘shgan hissasi to‘g‘risida juda ko‘plab materiallar namoyish etiladi. Bu yosh avlodning u yerga kelib, bir paytlar O‘zbekistonda kosmos uchun salmoqli ish qilgan juda ko‘plab mutaxassislar, olimlar, konstruktorlar, ishchilar bo‘lgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishi uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi. Va bu an’ana imkoniyatlarimizga qarab davom ettiriladi. Biz nasib etsa bu muzeyga kelib turamiz. Hozir ham aerokosmik maktabida Shavkat Ahadovichning o‘g‘li Feruz Vohidov mehnat qiladi. Biz o‘tgan yili pandemiya tufayli bu ishni amalga oshirolmagan edik, joriy yilda bu ish amalga oshadi, xudo xohlasa. Biz O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan eng yaxshi olimlarni taklif etamiz.
– Ajoyib aka-singillaringiz bor: katta singlingiz shifokor, akangiz oshpaz, yana biri quruvchi-muhandis, oilada farmatsevt ham bor. Rafiqangiz iqtisodchi, o‘g‘lingiz Jahongir – uchuvchi. U otasi izidan borishni istaydimi? Farzandlaringiz haqida gapirib bersangiz.
S.Sharipov: – Mening bir qiz va bir o‘g‘lim bor – ismlari Nigora va Jahongir. Nigora turmushga chiqqan, ikki farzandning onasi. Jahongir – uchuvchi, ayni paytda Bishkekka parvoz qiladi. Albatta, u ham kosmonavt bo‘lishni orzu qiladi. Sharqda yoshligingda ota-onang bilan faxrlan, voyaga yetganingda, ular sen bilan faxrlansin degan gap bor. O‘g‘lim bu naqlga amal qiladi. Bir kun kelib, uning orzusi amalga oshadi va biz uning yutuqlaridan quvonamiz, deb umid qilaman. U kamtar, hali bo‘ydoq, aytgancha, biz kelin qidirayapmiz.
– Solijon Shokirovich, jonli va mazmunli suhbat uchun O‘zbekistondagi ko‘p millionli muxlislaringiz nomidan minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
S.Sharipov: – Mening javoblarim kim uchundir qiziqarli bo‘lgan bo‘lsa bundan mamnunman. Sizga kosmonavtika haqida biroz ma’lumot bera oldim, deb umid qilaman. Barchangizga tinchlik, ezgulik va farovonlik tilayman. O‘zbekiston yanada gullab-yashnayversin!
O‘zA muxbiri
Irismat Abduxoliqov suhbatlashdi