Sohil voleyboli: Bugun “CAVA Beach Volleyball Championship 2026” sovrindorlari aniqlanadi
Bugun, 27-iyul kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport majmuasida sohil voleyboli bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “CAVA Beach Volleyball Championship 2026” musobaqasining final va 3-o‘rin uchun bahslari bo‘lib o‘tadi.
Ayollar jamoalari o‘rtasidagi final uchrashuvida O‘zbekiston – Qirg‘iziston jamoalari bahs olib borsa, 3-o‘rin uchun o‘tadigan o‘yinda O‘zbekiston-2 hamda O‘zbekiston-3 voleybolchi qizlari yuzma-yuz keladi.

Chempionatning erkaklar jamoalari o‘rtasida o‘tadigan final bahsida Eron-Qozog‘iston jamoalari to‘qnash kelsa, 3-o‘rin uchun kechadigan bahsda Qozog‘iston-2 hamda Eron-2 jamoalari kuch sinashadi.
Musobaqalar doirasida Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) hamda O‘zbekiston voleybol federatsiyasi hamkorligida ikki kunlik xalqaro hakamlik o‘quv-seminari tashkil etildi.

Ham amaliy, ham nazariy mashg‘ulotlarni qamrab olgan seminarda hakamlar sohil voleybolining xalqaro qoidalari, hakamlik amaliyoti, o‘yin jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan bahsli vaziyatlar hamda ularni xalqaro standartlar asosida hal etish jarayonlari tahlil etilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA