Sohibqironga munosib voris bo‘lamiz
9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun
Qashqadaryo vohasining Qarshi shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Qo‘ng‘irtog‘ adirlariga Sohibqiron bayrog‘i o‘rnatildi, temuriylar davriga xos o‘tovlar tikildi. Nayza va kamonlar taqqan Temur «askar»lari o‘tovlar oldida saf tortdi. Dovul sadolari yangradi. Ushbu manzarani kuzatar ekansiz o‘zingizni go‘yo temuriylar davrida nishonlangan bayram sayillariga tushib qolgandek his qilasiz.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi sovrini uchun Koson tumani Qo‘ng‘irtog‘ adirlarida «Amir Temur o‘g‘lonlari», «Jaloliddin Manguberdi vorislari» ko‘rik-tanlovi hamda harbiy vatanparvarlik festivali tashkil etildi.
Ommaviy sayil ko‘rinishida tashkil etilgan mazkur tadbirda harbiylar, keng jamoatchilik va aholi vakillari hamda ko‘plab yoshlar ishtirok etdi.
– Sohibqiron bobomizning tavallud topgan sanasi munosabati bilan mana shunday qir-adirlarda noodatiy tarzda o‘tayotgan ushbu festival va sport musobaqalari menda katta taassurot qoldirdi, – deydi muboraklik Yodgor To‘ymurodov. – Ayniqsa, harbiy texnikalar va qurol-yarog‘lar, ijodiy va madaniy yo‘nalishdagi mutaxassislar tomonidan tashkil etilayotgan mahorat darslari biz kabi yoshlarda qiziqish uyg‘otdi.
Festivali doirasida «Eng kitobxon harbiy», «Eng mahoratli ijodkor», maqom, baxshichilik va dostonchilik san’ati, tasviriy san’at, teatr san’ati va aktyorlik mahorati, chavandozlik mahorati bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rik-tanlovlarda harbiylar va yoshlar ishtiyoq bilan qatnashdi va o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-1952]
Shuningdek «Bibixonim izdoshlari» loyihasi doirasida harbiy xizmatchi ayollar muloqoti tashkil etildi. Aviamodel va varraklar namoyishi, ko‘pkari musobaqasi, harbiy-texnika qurol-aslahalarning ko‘rgazmasi, harbiylarning qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bundan tashqari kuch tuzilmalarini harbiy xizmatchilar, IIV huzuridagi harbiy akademik litsey, Shahrisabz shahridagi «Temurbeklar maktabi», Qarshi shahridagi «Temurbeklar maktabi» nodavlat ta’lim muassasasi va mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisligiga tayyorlash markazi kursantlari o‘rtasida arqon tortish, kamondan o‘q uzish, kurash bellashuvlari tashkil qilindi.
Tadbir yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
O‘.Barotov, J.Norqobilov (surat), O‘zA