Sog‘lom yurak bilan sog‘lom va farovon hayot sari
Bundan 4-5 yillar oldin bir yaqinimiz yurak xastaligi bilan og‘rib, ancha vaqtgacha davolanib yurdi.
Hali tuman, hali viloyatda yotmagan shifoxonasi qolmadi. Hatto tabibu kinnachilardan ham umidvor bo‘lib, shifo izladi. Ammo hech foydasi bo‘lmagach, poytaxtga kelishdi. Respublika kardiologiya markazida davolandi.
Ushbu markazda bemorga men bilganim bir qancha dori-darmonlar qilishdi va yurak tomirlarini stentlash amaliyotini o‘tkazishdi. Buning uchun, albatta, ancha vaqt va mablag‘ sarflandi. Bemor bir tomondan dard bilan qiynalib, siqilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan uyidan, o‘z hududidan uzoqda ancha zerikdi, ortidan kelganlarning sarson bo‘lganidan ham xotirjam bo‘lolmadi.
Bu kabi yuragi xasta bemorlar talaygina. Hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ham yurak xastaliklari yoki ularning alomatlari mavjudligi haqida ko‘p bora eshitib qolamiz. Ular hali poytaxt, hali xorijda davolanish uchun bundan-da battar sarsongarchiliklarga uchrayotgan bo‘lishi mumkin, katta mablag‘lar sarflayotgani shubhasiz. Salomatligini tiklash uchun inson hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Ammo sog‘liq haqida uni yo‘qotmasdan avval o‘ylash, qayg‘urish lozim. Kasalliklarning oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash uchun shart-sharoitlarni mustahkamlash muhim masala.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 noyabr kuni yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha kelgusidagi ishlar belgilab olindi. Davlat rahbari “Xalqimizning sog‘lig‘i hech narsa bilan o‘lchanmaydigan eng bebaho boyligimizdir”, deya alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadlariga katta kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotir.
Videoselektor yig‘ilishida qayd etilganidek, o‘tkazilgan xatlovlar natijasiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan. Tahlillarga ko‘ra, 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi besh yilda bunday kasalliklar 20 foizga, jumladan, yoshlar orasida ham ko‘paygan. Umuman, 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi.
Shu bois, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali yiliga kamida bir marta manzilli skriningdan o‘tkaziladi va zarur choralar ko‘riladi.
– Yurtimizda tibbiyot sohasiga, aholi salomatligini asrab-avaylashga ustuvor ahamiyat qaratilib, keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qorako‘l tuman tibbiyot birlashmasi terapiya bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Jumayev. – Davlatimiz rahbari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida ham bu borada alohida to‘xtalib, keyingi besh yilda sohaga oid 200 dan ortiq qonun hujjatlari, jumladan, 2019-2025 yillarda Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini ta’kidladi. Mamlakatimizda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog‘i yaratilib, samarali faoliyat yuritayotgani tabrikda qayd etildi. Darhaqiqat, sog‘liqni saqlash sohasidagi izchil sa’y-harakatlarning barchasi aholi salomatligini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Prezident topshirig‘iga asosan yurak kasalliklari bo‘yicha kelgusi yil 1 iyulga qadar tuman, viloyat va respublika darajasida davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tuzilib, shu asosda rejali davolash yo‘lga qo‘yilishi, albatta, o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Ya’ni yurak xastaliklari oldindan aniqlanib, samarali davo muolajalari o‘z vaqtida amalga oshirilsa, ushbu kasalliklarning asorati kamroq bo‘ladi, yanada kuchayib ketishining oldi olinadi. Buning uchun tuman shifoxonalari 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Ko‘rsatiladigan xizmatlar turini 5 tadan 15 taga oshirish, tuman laboratoriyalarini koagulometr va zarur reaktivlar bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, tumanlarda bemorlarga aniq tashxis qo‘yish, zarur muolajalarni amalga oshirish, qolaversa, turli ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yurak-qon tomir kasalligi aniqlangan aholining yagona elektron reyestri yuritilishi ham bemorga, ham tibbiyot xodimlariga qulaylik yaratadi.
Aslida hech bir dardning, xastalikning yengili bo‘lmaydi. Hamma kasallik ham insonning salomatligiga, hayotiga raxna soladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari yanada xavfli. Bu turdagi bemorlarning yosharib borayotgani esa muammo ustiga muammo. Demak, davlat rahbari boshchiligida tibbiyot sohasi, kardiologiya yo‘nalishi bo‘yicha muammolar, kelgusidagi vazifalarga alohida to‘xtalinayotgani bejiz emas. Ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar, hayotiy masalalar esa yurtdoshlarimiz salomatligida, yurak xastaliklarining oldini olishda o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA