Sog‘lom hayot sari yangi qadamlar
Prezident topshirig‘i amalda
Prezidentimiz rahbarligida joriy yilning 7-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash hamda yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda davlat rahbari sport nafaqat musobaqa va g‘alabalar maydoni, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini yuksaltiruvchi muhim ijtimoiy kuch ekanini alohida ta’kidladi. Ana shu ezgu g‘oyalar ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro viloyatida ham keng ko‘lamli amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida Buxoro davlat pedagogika instituti tashabbusi bilan ommaviy yurish-marafoni hamda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbir erta tongda Buxoroning tarixiy va betakror Ark qo‘rg‘oni maydonida boshlandi. Bu yerda Buxoro davlat pedagogika instituti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda turli tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Ko‘tarinki ruh va yuqori kayfiyatda tashkil etilgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarga kunni tetiklik bilan boshlash, jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarziga amal qilish muhim ekanini yana bir bor anglatdi. Samimiy muhit, jamoaviylik va birdamlik ruhi tadbirning eng muhim jihatlaridan biri bo‘ldi.
– Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashda sportning o‘rni beqiyos, – deydi tadbirda ishtirok etgan Buxoro davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Ma’murov. – Sport insonni nafaqat jismonan baquvvat qiladi, balki, unda iroda, intizom, sabr-toqat va g‘alabaga intilish fazilatlarini shakllantiradi. Biz ta’lim muassasasi sifatida talabalarimizni bilimli, ma’naviyatli va sog‘lom insonlar qilib tarbiyalashni ustuvor vazifa deb bilamiz.
[gallery-29016]
Ertalabki mashg‘ulotlardan so‘ng ommaviy yurish-marafoniga start berildi. Marafon Ark qo‘rg‘oni oldidan boshlanib, Buxoroning yana bir mashhur tarixiy maskani Labi hovuz majmuasiga qadar davom etdi. Ushbu yo‘nalish ishtirokchilarga nafaqat jismoniy faollikni namoyon etish, balki qadimiy va navqiron Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi bag‘rida sog‘lom turmush tarzining mazmun-mohiyatini yanada chuqur his etish imkonini berdi.
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur sport bayrami nafaqat jismoniy faollik targ‘iboti, balki aholi o‘rtasida sog‘lom turmush madaniyatini shakllantirish, yoshlarda yuksak ruh va birdamlikni kuchaytirishga xizmat qildi. Bu kabi tadbirlar mamlakatimizda yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida sog‘lom, bilimli va fidoyi avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.