“Sog‘lom hayot” marafoni minglab ishtirokchilarni birlashtirdi
Sirdaryo viloyatida Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan “Sog‘lom hayot farovon kelajak garovidir!” shiori ostida ommaviy yurish marafoni tashkil etildi. Tadbir Guliston shahrining Markaziy istirohat bog‘idan Do‘stlik kanali bo‘ylab Tadbirkorlar va hunarmandlar markazigacha bo‘lgan 3 kilometrlik yo‘nalishda o‘tkazildi.
Marafon aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbirda tarmoq kasaba uyushmalari rahbar xodimlari hamda mingga yaqin a’zolar ishtirok etib, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ommaviy harakatda faol qatnashdilar.

Tadbirda so‘z olgan viloyat Kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov joriy yil 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalarga to‘xtalib o‘tdi. U davlat rahbarining sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sportni aholi hayotining ajralmas qismiga aylantirish borasida bildirgan fikrlarini alohida ta’kidladi.
— Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “sport — bu faqat musobaqa emas, balki sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuchdir”, — dedi Rustambek Tursunmurodov. Ushbu fikrlar har bir fuqaroning kundalik hayotida o‘z aksini topishi, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda ommaviy sportni keng yoyish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylangani qayd etildi.
Marafonda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi raisi Akbarxon Mirzaxonov bunday ommaviy tadbirlar aholi salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, yurish nafaqat jismoniy faollikni oshiradi, balki jamoaviylik, birdamlik va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan munosabatni ham kuchaytiradi.

— Bugungi yurish insonlarni faqat jismonan emas, balki ma’nan ham birlashtiradi. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda bunday ommaviy tadbirlar alohida ahamiyatga ega, — dedi Akbarxon Mirzaxonov.
Shuningdek, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Alijon Mamarasulov tadbirning ijtimoiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi. U sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, avvalo, ta’lim tizimi bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidladi.
— Ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, o‘quvchi-yoshlarda to‘g‘ri hayot tarzini shakllantirish orqali biz nafaqat bugungi, balki ertangi jamiyat poydevorini mustahkamlaymiz. Sog‘lom turmush tarzini keng yoyish esa kelajak avlod salomatligiga xizmat qiladi, — deya ta’kidladi u.

Erta tongda boshlangan yurishda ishtirokchilar belgilangan yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib, jamoaviylik va birdamlik muhitini namoyon etdilar. Shaharning musaffo havosi, istirohat bog‘ining xushmanzara tabiati barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, yurish jismoniy faollikning eng oddiy va samarali turlaridan biri bo‘lib, u organizmni mustahkamlash, qon aylanishini yaxshilash va umumiy salomatlikni tiklashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois bunday ommaviy tadbirlar jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda muhim o‘rin tutadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri