Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqaruv xodimlari uchun yangi mehnatga haq to‘lash tartibi joriy etiladi
Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqaruv xodimlariga Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi.
Unga ko‘ra:
vazirlik markaziy apparati xodimlariga — Ijtimoiy himoya milliy agentligi markaziy apparati xodimlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlariga — agentlikning hududiy boshqarmalari xodimlari;
tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari xodimlariga — “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari xodimlari;
Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlariga — Ijtimoiy inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari xodimlari;
Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi xodimlariga — Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash razryadlari va ish haqi miqdorlari qo‘llaniladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida:
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi;
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat muassasasi shaklida Kontent mediamarkazi tashkil etiladi.
Hujjat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va idoraviy bo‘ysunuvidagi tashkilotlarning Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan boshqaruv xodimlarining shtat birliklari soni tasdiqlandi:
Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati – 298 ta (shu jumladan, 1 ta vazirning birinchi o‘rinbosari va 5 ta vazir o‘rinbosari);
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi – 68 ta;
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi – 42 ta;
Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari – 128 ta;
Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi – 30 ta;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri sog‘liqni saqlash boshqarmalari jami – 602 ta, tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari – 18 tadan.
Bunda soha uchun qo‘shimcha ajratiladigan shtat birliklari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlardan 880 ta shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi.
“Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi davlat muassasasining faoliyati tugatiladi.
O‘zA