Sog‘liqni saqlash vaziri aholini korrupsion holatlar bo‘yicha xabar berishga chaqirdi
O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov soha xodimlari va mamlakatimiz aholisiga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatda tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda istiqboldagi rejalar atroflicha bayon etilgan.
Vazir o‘z murojaatida korrupsiyani mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi jiddiy tahdid va «jamiyat tanasidagi saraton» deya ta’riflab, Yangi O‘zbekistonda bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilayotganini ta’kidladi. Bu borada davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-maydagi tegishli farmoniga muvofiq vazirlik tuzilmasi qayta tashkil etilayotgani, soha tarixida ilk bor korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi ta’sis etilgani qayd etildi. Shuningdek, ichki nazorat bo‘linmasi kengaytirilib, Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasiga aylantirildi.
Murojaatda tizimda moliyaviy xato-kamchiliklarni erta aniqlash borasidagi raqamli yechimlar samarasiga ham to‘xtalib o‘tilgan. Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida «masofaviaudit.uz» tizimi orqali 979 ta holatda 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi. Tug‘uruq muassasalarida «suyunchi» puli yoki kesarcha kesish amaliyoti uchun noqonuniy haq talab qilish holatlarining oldini olish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Ochiqlik indeksida Sog‘liqni saqlash vazirligi 87,2 ball bilan 97 ta tashkilot orasida biryo‘la 60 pog‘ona yuqorilab, ilk bor «sariq» darajadan «yashil» darajaga ko‘tarildi.
Vazirning ta’kidlashicha, tizimdagi kadrlarni yangilash siyosati kelgusida hududiy boshqarmalar, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari hamda barcha davolash-profilaktika muassasalarini qamrab oladi. Bunda aholidan kelib tushayotgan e’tiroz va shikoyatlar asosiy mezon bo‘ladi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati «E-Komplaens» elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Eldor Adilov korrupsiyaga qarshi kurashda tibbiyot xodimlari va keng jamoatchilikning faol ishtiroki suv va havodek zarurligini qayd etdi. Agar fuqarolar yoki soha xodimlari tibbiyot muassasalarida korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lov talab qilinishiga duch kelsalar, vazirlikning «1203» qisqa raqamli «Ishonch telefoni» yoki info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali xabar berishlari so‘raladi. Murojaat qilgan shaxslarning kimligi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi. «Ishonamanki, birgalikda Yangi O‘zbekiston tibbiyotini korrupsiyadan xoli, adolatli va shaffof tizimga aylantiramiz», — deya o‘z murojaatini yakunlagan Sog‘liqni saqlash vaziri.
Mohigul Qosimova, O‘zA