Sog‘inch va dard kuychisi
Atoqli ijodkor – Shukur Qurbon daryodil, samimiy, yaxshi ma’nodagi darveshona shoir. Uning yuzlab she’rlari dilbar qo‘shiqlarga aylangan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Do‘stlik”ordeni sohibi, taniqli shoir Shukur Qurbon tavalludining 75-yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, ijodkor yoshlar hamda she’riyat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Anjumanni Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo Shukur Qurbonning zamonaviy o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos ovoz va badiiy tafakkur sohibi sifatida alohida o‘rin egallashini ta’kidladi.

Uning ijodida Vatanga muhabbat, inson qadri, milliy g‘urur, ona zaminga sadoqat, mehnatkash inson taqdiri va ezgulik g‘oyalari yuksak badiiy mahorat bilan aks etadi.
Shukur Qurbon o‘zbek adabiyotining so‘nggi yarim asrlik taraqqiyotida faol ishtirok etgan, milliy she’riyatimizni mazmun va shakl jihatidan boyitishga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlardan biridir.

Uning she’rlarida xalqona ohang, samimiyat, hayot haqiqati va inson ruhiyatining nozik qirralari chuqur falsafiy mushohadalar bilan uyg‘unlashgan.
Shoirning ijodida Vatan va istiqlol, muhabbat va sadoqat, tabiat va inson, hayot va vaqt haqidagi mushohadalar yuksak badiiy ifoda topgan. Shukur Qurbonning sermahsul ijodiy faoliyati davomida she’riy to‘plamlari, dostonlari va publitsistik asarlari kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uning asarlari yurtimizdagi adabiy muhit rivojiga munosib hissa qo‘shib, kitobxonlar qalbida ezgulik, mehr-oqibat, vatanparvarlik va milliy o‘zlikni anglash tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Shoir ijodida hayot haqiqati, zamondoshlar taqdiri, milliy qadriyatlarga hurmat va inson ma’naviyatini yuksaltirish g‘oyalari yetakchi o‘rin tutadi.
Tadbirda ustoz shoirning boy ijodiy merosi, insoniy fazilatlari, adabiy muhitdagi o‘rni va yosh ijodkorlar tarbiyasidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shukur Qurbonning she’rlari yillar o‘tsa-da, o‘z badiiy qimmatini yo‘qotmagani, ulardagi hayotiylik, samimiyat va yuksak estetik tafakkur bugungi kitobxon uchun ham ruhiy ozuqa bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Uning ijodi adabiyotning inson qalbini tarbiyalash, ezgulikka chorlash va milliy ma’naviyatni yuksaltirishdek yuksak vazifalarini munosib davom ettirib kelayotgani alohida qayd etildi.
Tadbir doirasida shoir ijodidan namunalar o‘qildi. Uning hayoti va faoliyati haqida xotiralar yodga olindi. Ijodiy merosining bugungi adabiy jarayondagi ahamiyati xususida fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, taniqli shoir va tarjimon, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shukur Qurbon o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan zabardast ijodkorlardan. U 1951-yilda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida xizmatchi oilasida tavallud topgan. O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlab, mehnat faoliyatini mamlakatimiz adabiy hayotining nufuzli nashrlaridan biri – «Sharq yulduzi» jurnali tahririyatida boshlagan.

Keyinchalik Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Sog‘lom avlod uchun» jurnali tahririyati hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyot bo‘limida mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi.
Shukur Qurbonning ijodida Vatanga muhabbat, inson qadri, milliy qadriyatlarga sadoqat, mehr-oqibat va hayot falsafasi yuksak badiiy mahorat bilan ifoda etilgan. Uning she’rlari xalqona ruh, samimiyat va teran mushohadalari bilan kitobxonlar mehrini qozongan.

Shoirning asarlari umumta’lim maktablari darsliklari va o‘quv qo‘llanmalariga kiritilgan. Bu ijod namunalari yoshlarning ma’naviy-estetik tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, O‘zbekiston radiosining «Oltin fondi»da uning radiopostanovkalari hamda yuzga yaqin qo‘shiqlari saqlanayotgani ijodkorning milliy madaniyatimiz va adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasining yorqin ifodasidir.
Shukur Qurbon tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir ustoz shoir xotirasiga yuksak ehtirom ifodasi bo‘lishi bilan birga, uning boy adabiy merosini keng targ‘ib qilish, milliy she’riyat an’analarini asrab-avaylash va yosh avlodni kitobxonlik hamda yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim adabiy-ma’rifiy anjuman sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (suratlar), O‘zA