Soʻxda aloqa sifati yaxshilanadi
Fargʻona viloyati Soʻx tumanining aksariyat hududlarida yurtimizdagi mobil operatorlarning aloqa sifati unchalik yaxshi emas, ayrim joylarda umuman ishlamaydi.
Fargʻona viloyati Soʻx tumanining aksariyat hududlarida yurtimizdagi mobil operatorlarning aloqa sifati unchalik yaxshi emas, ayrim joylarda umuman ishlamaydi. Shu bois aholi qoʻshni davlatning sim kartalaridan foydalanar edi. Internet masalasida ham shunday edi. Bugun mazkur muammo oʻz yechimini topmoqda.
Qisqa fursat ichida tumanda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan aloqa sifatini yaxshilash boʻyicha salmoqli ishlar bajarildi. Bugungi kunda sifatli aloqa qamrovi yana-da kengaydi, internet tezligi oshdi.
Tumanning Gʻaznov-Tul, Qalʼacha-Tul, Umbara-Tul, Devayron-Tul va Rovon-Malbut yoʻnalishlarida maʼnan eskirgan yogʻochli tayanchlar oʻrniga 200 ga yaqin temir betonlar oʻrnatilib, 80 kilometrga yaqin optik tolali aloqa liniyalari tortildi. Shu kungacha Lenburg, Rovon, Chashma mahallalarida 5 ta mobil aloqa baza stansiyalari ishga tushirildi. Xususan, tuman markazi va “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻinida ikkita antenna qurilmasi oʻrnatilib, ishga tushirildi. Endilikda tuman hududida aholi “Mobiuz”, “Uzmobile” va “Ucell” aloqa kompaniyalari xizmatidan foydalanishmoqda.
“Oʻztelekom” AK “Uzmobile” filialining Malbut, Hushyor, Istiqlol mahallalari, Soʻx radio televizion stansiyasi va tuman markazida oʻrnatilgan baza stansiyalarigacha tashkil etilgan transport tarmogʻining oʻtkazuvchanlik qobiliyati, yaʼni aloqa sifati ikki barobarga oshirildi. Filialning tumandagi 10 ta baza stansiyalari yuqori tezlikdagi (“4G” standartida) internet texnologiyalari asosida modernizatsiya qilindi. Natijada Zangat, Chumoqcha, Mulgon, Demursad, Lenburg, Gʻaznov, Qalʼa, Qalʼacha, Sarikanda, Qizilqiyoq, Saribozorcha, Chashma, Tul, Malbut, Hushyor, Guliston, Istiqlol, Devayron, Umbara, Rovon hududida mobil aloqa sifati yaxshilandi va internet tezligi oshdi.
Yana bir yangilik. Tuman markaziy shifoxonasi internetga ulanib, Fargʻona viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻrtasida bemorlarga masofadan turib, videokuzatuv orqali onlayn ravishda konsultatsiya berish va tashxis qoʻyish tizimi joriy etildi.
Rovon mahallasida birinchilardan boʻlib, IPTV (kabel televideniye) tizimi ishga tushirildi. Shuningdek, GPON texnologiyalari boʻyicha shartnoma asosida aloqa sohasida 4 ta xizmat koʻrsatish tizimi yoʻlga qoʻyildi.