SMTI eksperti: Parlamentlar rolining kuchayishi mintaqaviy hamkorlikning ijtimoiy yo‘nalishini mustahkamlashga xizmat qiladi
18-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti hamkorligida “Samarali va kuchli ijtimoiy siyosatni shakllantirishda parlamentlarning roli” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari, BMT hamda ilmiy-tahliliy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada SMTI yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Hamraxodjayeva ma’ruza qilib, Markaziy Osiyoda bugungi kunda kechayotgan mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlarida qonun chiqaruvchi organlarning o‘rniga to‘xtaldi.
SMTI vakili qonun chiqaruvchi organlarni mintaqaviy jipslashuv jarayonlariga faol jalb etishning uchta ustuvor yo‘nalishini belgilab berdi.
Birinchidan, xalq diplomatiyasini rivojlantirishda parlamentlarning vakillik imkoniyatlaridan yanada keng foydalanish taklif etildi. Deputatlar va mahalliy vakillik organlari aholi bilan bevosita ishlaydi, joylardagi mavjud muammolarni yaxshi biladi hamda chegaraoldI hududlarida yuzaga kelayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatiga ega.
Chegaraoldi hududlar deputatlari va mahalliy vakillik organlari o‘rtasida savdo, transport, suvdan foydalanish, bandlik hamda ijtimoiy infratuzilma masalalari bo‘yicha muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish alohida ahamiyat kasb etishi mumkin. Bunday hamkorlik mahalliy darajadagi muammolarni dastlabki bosqichda bartaraf etish, ularning keyinchalik murakkab davlatlararo masalalarga aylanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, erishilgan mintaqaviy kelishuvlarning ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ekspert qayd etganidek, so‘nggi yillarda davlat va hukumat rahbarlari darajasida ko‘plab qarorlar qabul qilindi. Endi ularning aniq amaliy natijalarga olib kelishini ta’minlash alohida ahamiyatga ega.
Parlament qo‘mitalari tegishli vazirlik va idoralar hisobotlarini muntazam eshitib borishi, bitimlar hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi ehtimoliy kechikishlar sabablarini tahlil qilishi va, eng muhimi, ularning fuqarolar hamda biznes uchun amaliy samarasini baholashi mumkin.
Uchinchidan, mintaqaviy hamkorlikning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashda parlamentlarning alohida o‘rni ta’kidlandi. Transport yo‘laklarini rivojlantirish, chegaraoldi savdosini kengaytirish, mehnat mobilligi va raqamli ma’lumotlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, shuningdek, suv-energetika va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish barqaror hamda o‘zaro muvofiqlashtirilgan normativ-huquqiy bazani taqozo etadi.
Erishilgan kelishuvlarning qonunchilikda mustahkamlanishi ularning izchilligini ta’minlash hamda mintaqaviy hamkorlikni joriy siyosiy kon’yunkturadagi o‘zgarishlarga kamroq bog‘liq qilish imkonini beradi.
Shu bilan birga, SMTI vakili ta’kidlaganidek, Markaziy Osiyoda parlamentlararo hamkorlikning zarur mexanizmlari allaqachon shakllangan. Mintaqa davlatlarining parlamentlararo forumlari o‘tkazilmoqda, ikki tomonlama do‘stlik guruhlari, parlament komissiyalari va boshqa muloqot maydonlari faoliyat yuritmoqda.
Shu bois bugungi kunda asosiy e’tibor yangi tuzilmalarni tashkil etishga emas, balki mavjud institutsional imkoniyatlardan yanada to‘liq foydalanish va ularni amaliy mazmun bilan boyitishga qaratilishi lozim. Bunda mintaqaviy kelishuvlarni parlamentlar tomonidan qo‘llab-quvvatlash, qonunchilik va ma’muriy to‘siqlarni aniqlash, tajriba almashish hamda amalga oshirilayotgan loyihalarning aholi hayotiga ta’sirini baholash muhim o‘rin tutadi.
Ekspert fikricha, bunday yondashuv O‘zbekistonning yana bir muhim xalqaro tashabbusi — BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022-yilda qabul qilingan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish” rezolyutsiyasining amaliy davomi bo‘lar edi.
“Parlament diplomatiyasining imkoniyatlaridan kengroq foydalanish mintaqaviy hamkorlikning ijtimoiy yo‘nalishini kuchaytirgan bo‘lar edi”, — deya ta’kidladi ekspert. Qayd etilganidek, parlament jamiyat manfaatlarini ifoda etuvchi institut sifatida davlat siyosatini shakllantirishda turli ijtimoiy guruhlar manfaatlari hisobga olinishini ta’minlashi lozim. SMTI vakilining fikricha, parlamentlarning mintaqaviy kun tartibidagi rolini kuchaytirish yaqinlashuv jarayonlarini aholining real ehtiyojlariga yanada yo‘naltirish hamda davlatlararo kelishuvlar bilan ularning fuqarolar hayotidagi amaliy natijalari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash imkonini beradi.
Xususan, deputatlik korpusining faolroq ishtiroki savdo, transport, suv resurslari, energetika va chegaraoldi hamkorligi sohalaridagi yirik kelishuvlarni ularning aholi turmush sifatiga bevosita ta’siri nuqtai nazaridan baholash imkonini beradi.
“Pirovardida, mintaqaviy hamkorlik samaradorligi uning natijalari fuqarolar hayotida qay darajada sezilayotgani bilan o‘lchanishi kerak: yangi ish o‘rinlari yaratilyaptimi, chegaralarni kesib o‘tish yengillashyaptimi, bozorlar, ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengayaptimi, chegaraoldi hududlar infratuzilmasi yaxshilanyaptimi”, — deya ta’kidladi ekspert.
So‘z yakunida qayd etildiki, parlamentlarning vakillik, qonunchilik va nazorat imkoniyatlaridan yanada to‘liq foydalanish erishilgan o‘zaro ishonchni institutsional jihatdan mustahkamlash, yaxshi qo‘shnichilik jarayonlariga barqaror va ortga qaytmas tus berish hamda Markaziy Osiyoning yaxshi qo‘shnichilik mintaqasidan birgalikda rivojlanish mintaqasiga o‘tishini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.