Sizga ta’zim, sizga ehtirom, aziz muallim!
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilib, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetguncha uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi.
Joriy yilning 15 sentyabrda Prezidentimizning o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ham yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ustozlar mehnatini qadrlash keng muhokama qilinib, muallimlarga bir qator imtiyozlar berildi. Davlatimiz rahbarining fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga kasb bayrami munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasidir.

Shonli sanaga bag‘ishlab, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi binosida ta’lim fidoyilari va faxriylari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ayni shular haqida atroflicha so‘z yuritildi.

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisining o‘rinbosari Abdurashid Boltaboyev, viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi Ahmadjon Mukaramov, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Isayev qayd etganidek, viloyatda ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan talab va taklif yildan yilga ortib bormoqda. Bolalarni bog‘chaga qamrovi ortdi, davlat umumta’lim maktablari bilan bir qatorda xususiy va xalqaro – nodavlat maktablar tashkil qilinib, ta’limda yangicha yondashuvlarga erishilmoqda.

Tadbirda, kasb bayramiga tuhfa sifatida “Mahalla” fondi respublika boshqaruvi tomonidan taqdim etilgan esdalik sovg‘alari topshirildi.
– Maorif tizimida 40 yildan ortiq mehnat qildim, maktabda har kuni turli xarakterdagi bolalar bilan ishlaysiz, – deydi Davlatobod tumanidagi 80-sonli umumta’lim maktabining faxriy o‘qituvchisi Mo‘’tabarxon Qahhorova. – Sohada islohotlar davomli olib borilmoqda, jamiyatda komil insonlarni yetishtirishda maktabning o‘rni kattaligi sababli yurtimizda ta’limga e’tibor kuchayib bormoqda, bolalar ham bilim egallashga, zamonaviy kasblarni o‘zlashtirishga qiziqishlari ortib bormoqda.

Bayram munosabati bilan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan viloyatda ta’lim sohasida jonkuyarlik bilan mehnat qilib, nafaqada bo‘lgan faxriylar hamda hozirda bilimgohlarda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida kamolga yetkazayotgan 150 nafar o‘qituvchi va murabbiyga ehtirom ko‘rsatildi. Ularning zahmatli faoliyati qadrlangan holda, “Mahalla” fondi respublika boshqaruvining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shundan so‘ng, sohada uzoq yillar salmoqli faoliyat yuritgan 10 nafar keksa pedagogning oilasidan xabar olindi. Jumladan, faxriy ustoz Husniddin Mamajonov Namangan shahridagi 24-, 35-, 38-umumta’lim maktablarida, shahar xalq ta’limi bo‘limida ishlab, uch o‘g‘il va bir qizni el koriga yaraydigan komil insonlar sifatida kamol toptirdi. Bugun faxriy ustoz muallim yosh pedagog shogirdlariga hamisha maslahatgo‘y.
Darhaqiqat, ustoz muallimlik dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlardir. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadan iborat.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.