Siz ham tashkil etishingiz mumkin (+video)
Ochig‘i, yaqin yillargacha mahallalarda “uyda o‘tiradigan ishsizlar” borligi odatiy hol edi. Prezident pastga, mahallaga har bir xonadonga tushishni qat’iy talab qilmaganida, balki bugungidek o‘zgarishlar bo‘lmasmidi.
Hozir qaysi mahallada, xonadonda bo‘lmang, yakka tartibdagi tadbirkor yoki oilaviy korxonaga ro‘baro‘ bo‘lasiz. Bag‘dod tumanidagi Chuvalanchi mahallasida ham shunday. Masalan, Jaqparova Komilaxon xonadonida “Bag‘dod Sofiya-777” oilaviy korxonasi ochilgan. Ular atrof hududlardagi bog‘lardan yong‘oq olib kelib uni qayta ishlashadi.


–Chuvalanchi mahalla fuqarolar yig‘inida 3208 nafar aholi bor. Biz har bitta xonadonda xatlov o‘tkazdik, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Umidaxon Xalilova. –Unda 72 nafar ayollar va yoshlar daftarida turganlarni ish bilan band qilish uchun mana shu xonadondagi kabi oilaviy korxonalarni tashkil etdik hamda ularni tadbirkorlarga biriktirdik.


Bu yerda mehnat qilayotgan ayollar mahallaning qiz-juvonlari. Biri qo‘shni qiz, yana biri qarindoshi. Bulardan tashqari to‘rt ko‘cha xonadonlariga chaqilgan yong‘oq tarqatiladi. O‘sha oilalarda mag‘izni po‘stlog‘idan ajratadilar va yana Komilaxon aya bosh oilaviy korxonaga qaytariladi. Shundan so‘ng asosan Farg‘ona, Qo‘qon, Toshkent qandolatchi va xolvachilariga sifatli yong‘oq mag‘izlarini yetkazib berishadi.

–Bu oilaviy korxona 50 dan ortiq oilalarga o‘zining xom ashyosini yetkazib berib ularni kasanachi sifatida ishlatmoqda. Oilalardagi xotin-qizlar, ish bilan band bo‘lmagan yoshlar shu orqali daromad ko‘rmoqda, – deydi UmidaxonXalilova.
Bu xonadonda yana yil mavsumiga qarab, yong‘oq mag‘izli xolvalar ham tayyorlanadi. Unda ham o‘ndan ziyod “uyda o‘tirgan” qo‘ni-qo‘shnilar bandligi ta’minlanadi, ular oilasiga daromad kiradi.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/chM8LuoQBeg" title="Siz ham tashkil etishingiz mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ha, “qimirlagan qir oshadi”, “istagan imkon topadi”, deganlari shu bo‘lsa kerakda!
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA