Siyob arig‘i bo‘ylarida Navro‘z sayillari
Yurtimiz shahar va qishloqlarida Navro‘z shodiyonalari boshlandi. Samarqand shahrida ham bugun erta tongdan karnay-surnay sadolari bilan el bayram sayillariga chorlandi.
Alisher Navoiy nomidagi Markaziy istirohat bog‘i va shu nomdagi ko‘cha, “Mo‘jiza” amfiteatri bayram ruhiga mos tarzda bezatildi.
Viloyat boshqarma va idoralari, korxona va tashkilotlar, oliy o‘quv yurtlari, mahallalar, ta’lim muassasalari o‘zlari uchun ajratilgan joylarda sahna o‘rnatib, bayram dasturlari namoyish etdi. Milliy xalq o‘yinlari, sport musobaqalari, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmalari o‘tkazildi.
– Navro‘z bir necha ming yillik tarixga ega milliy bayramimiz, inson va tabiatning mushtarakligi ramzi, sharqona yangi yil, hamjihatlik, mehr-oqibat ayyomidir, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov. – Shuning uchun ham xalqimiz Navro‘z taqiqlangan davrlarda ham bu bayramni yashirincha bo‘lsa-da nishonlagan, u bilan bog‘liq an’ana va marosimlarni o‘tkazgan. Ayni paytda yurtimizda Navro‘z har yili yangicha mazmun, g‘oya bilan keng nishonlanmoqda, har bir xonadonga bayram shukuhi kirib bormoqda. Davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra, bu yil mamlakatimizda mazkur bayram “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida o‘tkazilmoqda. Bugun viloyatimizning asosiy bayram tadbirida ham tabiat va borliqning uyg‘onib, yangilanayotgani, Navro‘z har bir inson qalbiga yangi orzu-umidlar, maqsad va rejalar uyg‘otgani o‘z aksini topmoqda.
Bu yilgi bayram tadbirlari ilk bor shahardagi Siyob arig‘i bo‘ylarida ham ommaviy sayil sifatida nishonlandi.
Viloyat hokimligining tashabbusi bilan keyingi bir yil ichida ushbu qadimiy ariq va uning atrofi samarqandlik tadbirkorlar, mahallalar ahli ko‘magida tozalanib, obod qilindi. Noqonuniy qurilishlar bartaraf etildi. Bir nechta ko‘priklar, 18 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘laklari qurildi.
[gallery-16500]
– Ota-bobolarimizdan ilgari Siyob, Obi Rahmat singari qadimiy ariqlar bo‘yida Navro‘z, hayit va boshqa bayram sayillari o‘tkazilgani haqida eshitganmiz, – deydi Samarqand shahar Obi Rahmat mahallasida yashovchi Nasiba Sayfiyeva. – Lekin keyinchalik bu joylar umuman e’tibordan chetda qolib, turli xil qurilishlar amalga oshirilgan. Aholi ham ariq bo‘ylarini egallab olib, hatto oqova tashlashi kuzatildi. Bir paytlar shu ariq suvidan iste’mol qilingan bo‘lsa, keyinchalik chiqindi va boshqa oqovalar oqizilishi natijasida qo‘l yuvishga ham ikkilanardik. O‘tgan yil ariq va uning atrofini obod qilishga kirishilgach, shunday ko‘rkam joy, xiyobon paydo bo‘lishini tasavvur ham qilmagandik. Mana bugun Siyobda zilol suv oqyapti. Ariq bo‘ylarida odamlar sayrga chiqyapti. Navro‘zni ham mahallamiz ahli bilan birga shu yerda nishonladik.
Bayram sayllarida viloyat hokimi E.Turdimov va faollar ishtirok etib, yurtdoshlarimiz va mehmonlarni Navro‘z bilan tabrikladi. Sayil qatnashchilari tomonidan namoyish etilgan madaniy dasturlar, sport musobaqalari va milliy xalq o‘yinlari, turli ko‘rgazmalarni tomosha qildi.
– Uch oydirki, Samarqanddaman, – deydi germaniyalik talaba Tereza Troll. – Nemis tili mutaxassisligi bo‘yicha oliy o‘quv yurtida tahsil olaman. O‘zbekiston, Samarqand haqida ko‘p eshitgandim. Bu yerga kelish orzuim edi. O‘quv yurtimizda amaliyotni O‘zbekiston maktablarida o‘tash bo‘yicha ma’lumot berildi. Shu tariqa orzuim amalga oshib, Samarqanddaman. Navro‘z saylini ko‘rib taassurotlarim yanada boyidi. Betakror milliy raqslar, taomlar, liboslar, odamlarning xushchaqchaq bayramona kayfiyati kishiga o‘zgacha zavq beradi. Buni yanada kuchli his etish uchun men ham o‘zbek milliy libosidan kiyib oldim. Hammasi ajoyib. Agar o‘qishni tugatganimdan so‘ng bu yerda ishlash imkoniyati tug‘ilsa, albatta, yana kelaman.
Bayram munosabati bilan “Mo‘jiza” amfiteatrida teatrlashtirilgan tomoshalar, samarqandlik va poytaxtdan kelgan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Navro‘z bayram tantanalari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari