Sirojiddin Eshmatov: “Tadbirkorlar uchun soliq yuki sezilarli darajada kamaydi” (+video)
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes muhitini yanada yaxshilash va iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish maqsadida soliq sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, soliq yukini kamaytirish, hisobot tizimini soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu jarayonlar hududlarda qanday kechayotgani, amaliy natijalar va istiqboldagi vazifalar xususida Qashqadaryo viloyati Soliq boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Eshmatov bilan suhbatlashdik.
– Keyingi yillarda soliq sohasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish va biznes uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Keyingi yillarda soliq tizimida juda katta va shiddatli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarni shartli ravishda bir nechta asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin. Eng avvalo, islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlar zimmasidagi soliq yukini kamaytirishdir. Ikkinchi muhim yo‘nalish esa soliq ma’murchiligini takomillashtirish, ya’ni tadbirkorlar uchun soliq to‘lash jarayonlarini soddaroq, tushunarli va qulay qilishdan iborat.
Albatta, bu o‘zgarishlar yirik soliq to‘lovchilarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo eng katta ijobiy natija kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun yaratilgan imkoniyatlarda namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz qarorlari bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qator yengillik va qulayliklar joriy etildi. Chunki ular mamlakatimizdagi eng keng tarqalgan tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanadi. Masalan, Qashqadaryo viloyati misolida oladigan bo‘lsak, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni qariyb 27 ming nafarga yetgan. Demak, davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va yengilliklar aynan shu tadbirkorlarning faoliyatiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Joriy yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun moliyaviy hisob-kitoblarni yuritishning soddalashtirilgan mexanizmi joriy etildi. Endilikda tadbirkor davlat xizmatlari idoralariga bormasdan, maxsus platformani mobil telefoniga yuklab olish orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Hech qanday ortiqcha to‘lovlarsiz, telefon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham katta yengilliklar berildi. Ilgari ular onlayn nazorat-kassa mashinalari va to‘lov terminallaridan foydalanishi shart edi. Yangi platforma esa ushbu vazifalarni ham o‘z ichiga olgan. Endi tadbirkor telefonga o‘rnatilgan ilova orqali savdo tushumlarini qabul qilishi, hisob-kitoblarni amalga oshirishi mumkin. Hatto alohida bank hisobraqami ochishga ham ehtiyoj qolmaydi. Platforma asosida tushumlar yig‘iladi va mablag‘larni o‘tkazish imkoniyati ham mavjud.
Soliq to‘lovlari bo‘yicha ham muhim yengilliklar joriy qilindi. Ilgari yakka tartibdagi tadbirkorlar qat’iy belgilangan daromad solig‘ini to‘lab kelgan bo‘lsa, aylanmasi 100 million so‘mdan oshganda 4 foizli aylanma solig‘iga o‘tar edi. Yangi tartibga ko‘ra esa qat’iy belgilangan soliq ham, 4 foizli aylanma solig‘i ham bekor qilindi. Endi yakka tartibdagi tadbirkorlar faqat aylanmadan 1 foiz miqdorida soliq to‘laydi.
Bu, albatta, tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat. Masalan, avval Qarshi shahri yoki tumanlarda savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘rtacha 600 ming so‘mgacha qat’iy soliq to‘lar edi. Hozir esa agar tadbirkorning aylanmasi 200 million so‘mni tashkil etsa, u bor-yo‘g‘i 1 foiz, ya’ni 200 ming so‘m soliq to‘laydi. Bu esa ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirib, biznesini yanada rivojlantirishiga xizmat qilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha bir yilda qariyb 89 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlarning o‘z ixtiyorida qolmoqda. Ya’ni, bu soliq stavkalarining kamaytirilishi hisobiga shakllanayotgan mablag‘dir. Bu esa tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish, aylanma mablag‘ini oshirish va biznesini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.
Bu tizimning yana bir muhim qulay tomoni shundaki, aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydigan tadbirkorlar uchun hisob-kitob jarayonlari ham to‘liq soddalashtirildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkor o‘z aylanmasini hisoblab, soliq organlariga hisobot taqdim etishi lozim edi. Yangi platforma esa bu jarayonlarni avtomatlashtirdi. Endi tadbirkor amalga oshirgan har bir xizmat yoki savdo operatsiyasidan 1 foiz soliq avtomatik tarzda ajratiladi. Hisobotlarni ham platformaning o‘zi shakllantirib, soliq organlariga yuboradi. Bu esa tadbirkorlar uchun har tomonlama qulaylik va yengillik yaratmoqda.
– Ta’kidlaganingizdek, tadbirkorlar 1 foiz soliq to‘layapti. Ammo bu jarayonda iqtisodiy muvozanat ham saqlanishi kerak. Bu qanday ta’minlanadi?
– To‘g‘ri, iqtisodiyotda albatta muvozanat bo‘lishi kerak. Davlat byudjeti barqaror ta’minlanishi muhim. Lekin iqtisodiyotning shunday qonuniyati borki, soliq yuki qanchalik yengil bo‘lsa, tadbirkorlar shunchalik ochiq va shaffof ishlashga intiladi. Ilgari norasmiy faoliyat yuritganlar ham o‘z biznesini qonuniylashtirishga harakat qiladi.
Natijada davlat ro‘yxatidan o‘tayotgan tadbirkorlar soni ortib boradi. Masalan, mazkur tartiblar joriy etilgandan keyin Qashqadaryo viloyatida qariyb 2,5 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tdi.
Bu jarayondan avval biz bozorlar va aholi gavjum joylarda tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilib, tushuntirish ishlarini olib bordik. Targ‘ibot va tushuntirishlar natijasida ular ixtiyoriy ravishda soliq to‘lash tizimiga o‘tmoqda.
Iqtisodiy faollik oshgani sayin byudjetga tushumlar ham kengayadi. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirishni boshlaydi, aylanma mablag‘i oshganidan keyin esa biznesini yanada rivojlantirishga intiladi. Bu esa yangi yuridik shaxslar tashkil etilishi, korxonalar aylanmasi kengayishi va ish o‘rinlari ko‘payishiga xizmat qiladi.
Iqtisodiyotda pul aylanmasi qanchalik ko‘p bo‘lsa, boshqa iqtisodiy bo‘g‘inlarda ham soliq tushumlari ortib boradi. Bizning asosiy maqsadimiz iqtisodiyotda mablag‘ aylanmasini ko‘paytirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdir. Shuning uchun ayrim qisqa muddatli yengilliklar bo‘lsa ham, ular keyinchalik iqtisodiy faollikning kengayishi hisobiga qoplanadi.
– Soliq tushumlarini oshirish bilan bir vaqtda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishda qanday muvozanat saqlanmoqda?
– Yuqorida ta’kidlaganimizdek, soliq tushumlari byudjet barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Agar byudjet daromadlari barqaror ta’minlanmasa, bu iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois soliq tushumlarini ta’minlash va iqtisodiy muvozanatni saqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Biroq soliq tushumlarini ko‘paytirish maqsadida tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib qo‘yish ham to‘g‘ri emas. Agar soliq stavkalari oshirilsa yoki soliqqa tortiladigan baza ortiqcha kengaytirilsa, tadbirkorning mablag‘ aylanmasi qisqarishi mumkin. Bu esa biznes yuritishni qiyinlashtiradi. Oqibatda tadbirkor faoliyati zaiflashsa, byudjet barqarorligini ta’minlash imkoniyatlari ham cheklanadi.
Shuning uchun soliq siyosatida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyozlar muhim o‘rin tutadi. Masalan, joriy yilning o‘tgan to‘rt oylik natijalariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektiga 718 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi. Bu byudjetga to‘lanishi kerak bo‘lgan 718 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorlarning o‘z ixtiyorida qoldirildi degani.
Ushbu mablag‘lar tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarish hajmini oshirishga yo‘naltirilmoqda. Kengaygan faoliyat va tashkil etilgan yangi ish o‘rinlari esa keyinchalik yangi soliq ob’ektlari sifatida shakllanib, byudjet tushumlarining ortishiga xizmat qilyapti. Natijada o‘tgan yilning shu davriga nisbatan soliq tushumlari va imtiyozlar ko‘rsatkichlarida kamida 15-20 foizlik o‘sish kuzatilgan.
Shu bilan birga, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarga qaramasdan, ayrim holatlarda soliqdan qochish yoki yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq holatlar ham uchrab turibdi. Tahlillarga ko‘ra, salkam 1,5 trillion so‘mlik soliqlarni kamaytirib ko‘rsatish va to‘lamaslik holatlari aniqlangan. Bunday qoidabuzarliklar bo‘yicha qonunchilik doirasida huquqiy ta’sir choralari ham qo‘llanilgan.
Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda tadbirkorlar uchun juda qulay sharoitlar yaratilgan. Soliq stavkalari ko‘plab davlatlar, xususan, mintaqa mamlakatlari bilan taqqoslaganda nisbatan past hisoblanadi. Shuning uchun mavjud imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanish, soliqlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lab borish muhim ahamiyat kasb etadi.
–Raqamlashtirish jarayonlari soliq ma’murchiligida qanday o‘zgarishlarga olib keldi va bu yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qay darajada xizmat qilmoqda?
– Bilasizmi, raqamlashtirish soliq tizimida vazifalarimizni samarali tashkil etish uchun muhim vositalardan biri hisoblanadi. Buning natijasida biz ijobiy natijalarga erishyapmiz. Korxona va tadbirkorlik faoliyati qanchalik ko‘p raqamlashtirilsa, soliqdan qochish imkoniyatlari shunchalik qisqaradi. Natijada tadbirkorlik faoliyati yanada shaffoflashadi, daromadlar ochiq ko‘rinishga keladi va soliqqa tortiladigan ob’ektlar haqidagi ma’lumotlar aniq shakllanadi.
Ushbu ma’lumotlar soliq organlari bazalari bilan integratsiya qilinganda, soliq tushumlarini ko‘paytirish imkoniyatlari ham kengayadi. Keyingi yillarda bozorlarni raqamlashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 12 ta bozor to‘liq raqamlashtirilgan. Endilikda bozorlarda qaysi savdo joyi uchun patta to‘lovi amalga oshirilgani, qaysi joy uchun to‘lov qilinmagani, shuningdek, avtoturargohlarda qaysi transport vositalari uchun haq undirilayotgani kabi jarayonlarning barchasi raqamli platforma asosida yuritilmoqda.
Buning natijasida bozorlar bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 164 foizga oshdi. E’tiborlisi, bozorlarda ijara yoki xizmat stavkalari oshirilmagan. Ammo tushum ko‘paygan. Bu esa avval yo‘qotilayotgan mablag‘larni raqamlashtirish tufayli hisobga olish va shaffoflikni ta’minlash hisobiga natija berganini ko‘rsatadi.
Soliq tizimining o‘zida ham raqamlashtirish jarayonlari yuqori darajada tashkil etilganini faxr bilan aytishim mumkin. Mutaxassislarimiz doimiy ravishda boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganib, ilg‘or yechimlarni amaliyotga joriy etmoqda. Masalan, elektron hisobvaraq-fakturalar tizimi, ularning onlayn kuzatib borilishi, soliq ob’ektlari haqidagi ma’lumotlarni elektron shaklda olish imkoniyatlari ish jarayonlarimizni ancha yengillashtirmoqda. Eng muhimi, bu tizim soliq munosabatlarida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilayotir.
– Bugun soliq tizimidagi o‘zgarishlar va raqamlashtirish jarayonlari kadrlardan zamonaviy bilim va yuqori malaka talab qilmoqda. Bu borada qanday ishlar olib borilyapti?
– Albatta, bu juda dolzarb masala. Nafaqat soliq tizimida, balki ko‘plab sohalarda kadrlar salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kadrlarga talab yuqori, ammo eng muhimi, ularning bilimli, tajribali va yuqori malakaga ega bo‘lishidir.
Soliq tizimining o‘ziga xos jihati shundaki, bu sohada xato qilishga haqqimiz yo‘q. Chunki soliq hisob-kitoblarida bir so‘m ortiq hisoblash ham, bir so‘m kam hisoblash ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ortiqcha hisoblangan mablag‘ tadbirkor faoliyatiga ta’sir qilsa, kam hisoblangan mablag‘ davlat byudjeti manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun muvozanatni saqlash har bir xodimdan yuqori bilim, tajriba va mas’uliyat talab etadi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyati bo‘yicha 600 nafardan ziyod soliq xodimi faoliyat yuritmoqda. Shundan 200 nafardan ortiq mutaxassis viloyat soliq boshqarmasida ishlaydi. Xodimlar malakasini oshirish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash yuqori salohiyat talab qiladi. Masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi korxonalarga xizmat ko‘rsatish, QQS yoki foyda solig‘ini hisoblash murakkab jarayonlardan hisoblanadi. Hududlarda esa asosan aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi va bu jarayonlar nisbatan soddaroq hisoblanadi.
Shu bois, xodimlarimiz muntazam ravishda o‘qitib boriladi. Har haftaning juma kuni malaka oshirish mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Yangi qabul qilinayotgan qarorlar va me’yoriy hujjatlar tizim orqali hududlarga yetkaziladi va ular asosida o‘quvlar tashkil qilinadi. Viloyat darajasida esa tumanlarda ham qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
– Soliq to‘lovchilar, xususan, tadbirkorlar bilan muloqot va ochiq muloqotlar qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
– Bu masalaga Soliq qo‘mitasi tomonidan alohida e’tibor qaratiladi. Shu asosda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar va uchrashuvlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Belgilangan grafik asosida xodimlarimiz va matbuot xizmati vakillari bilan birgalikda hududlarga chiqib, tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar o‘tkazamiz. Chunki tadbirkorlarni eshitmasdan turib, tizimni takomillashtirish qiyin.
Har bir tadbirkorning viloyat markaziga kelib o‘z muammosini aytish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli, joylarga chiqib ishlash, hududlarda uchrashuvlar o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Yil boshida rejali uchrashuvlar tashkil qilinadi. Shuningdek, har oy shaxsan o‘zim hududlarga chiqib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazaman.
Bugungi kunda soliq tizimi faqat nazorat qiluvchi emas, balki xizmat ko‘rsatuvchi tizimga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan, korxonabay va mahallabay ishlash tamoyillari joriy etilgan. Masalan, har bir korxona rahbari raqamli platformalar orqali o‘ziga biriktirilgan soliq inspektori haqida ma’lumot olishi mumkin. Bir tugmani bosish bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniyati yaratilgan. Muammolarni ortiqcha vaqt yo‘qotmasdan tezkor hal qilish imkoni mavjud.
Albatta, oldimizdagi vazifalar ham ko‘p. Bugungi kunda viloyatda 40 mingdan ziyod yuridik shaxs maqomidagi soliq to‘lovchilar faoliyat yuritmoqda. Ularga 600 nafardan ziyod soliq xodimlari xizmat ko‘rsatmoqda. Bu esa tizim oldiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Eng muhimi, bugun soliq tizimi tadbirkorni faqat nazorat qiluvchi emas, balki uning ishonchli hamkori va ko‘makchisi bo‘lish tamoyili asosida ishlamoqda. Bu esa iqtisodiyotning ochiqligi, shaffofligi va barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/q5YahDFZjv0" title="Sirojiddin Eshmatov: “Tadbirkorlar uchun soliq yuki sezilarli darajada kamaydi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Jamshid Norqobilov,
Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA