Sirdaryoda Senator va yoshlar uchrashdi
Guliston davlat universitetida “Senator va yoshlar” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Guliston davlat universitetida “Senator va yoshlar” mavzuida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati kengashi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda partiya vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi senati a’zolari va deputatlari, mahalliy kengashlar deputatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi a’zolari, viloyat adliya boshqarmasi, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda, saylov jarayonlariga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirayotgan bugungi kunda yoshlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini oshirish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini targ‘ib qilish, yangi qabul qilinayotgan qonunlar bilan tanishtirish, eng muhimi, bu borada yoshlarning faolligini, bilimini oshirish lozimligi alohida ta’kidlandi.
– Prezidentimiz tomonidan yoshlar siyosati bo‘yicha mamlakatimizda olib borilayotgan keng islohotlar samaradorligi, yoshlarga oid qabul qilingan qonun va qarorlar, yaratilayotgan bunday imkoniyatlardan oqilona foydalanish yoshlarimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biridir, – deydi Oliy Majlis Senatining Yoshlar sporti va madaniyati bo‘yicha qo‘mita a’zosi Aripjon Qudratov. – To‘g‘ri, bugungi yoshlarimiz orasida ham ilg‘or yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biroq, ertangi kunimiz istiqboli uchun yoshlar tarafidan yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqish va uni ko‘rsatish sustligicha qolmoqda.
Darhaqiqat, 2016 yil 14 sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligiga hali ko‘p vaqt o‘tmay shu kungacha mazkur qonun doirasida to‘qsondan ortiq qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilindi. Ushbu o‘ta muhim hujjatlar zamirida yurtimiz egalari bo‘lgan yoshlar manfaati to‘liq aks etganini ham alohida ta’kidlash lozim.
Tadbirda, mamlakatimiz va dunyo hamjamiyatida bo‘layotgan voqealarga real va ochiq nigoh tashlangan holda yoshlarning yaratilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanmayotgani, yoshlarimiz huquqiy madaniyat borasida orqada qolayotgani, ularga tashabbuskorlik yetishmayotgani tanqid qilindi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda partiyaning viloyat kengashi rais o‘rinbosari Valijon To‘ychiev, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Jamshidxon Nuriddinov, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi rais o‘rinbosari Murod Hayitov hamda universitet o‘qituvchi va talaba-yoshlari bugungi uchrashuv va unda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.